“Fujairah Open”: taekvondochilarimiz uchun ilk turnir boshlandi

Birlashgan Arab Amirliklarining Fujayra shahrida taekvondo WT bo‘yicha G2 tasnifidagi xalqaro musobaqa boshlandi. Mazkur turnir O‘zbekiston terma jamoasi uchun joriy yil hisobidan dastlabki start bo‘ladi.
“Zayed Sport Venue” majmuasida o‘tkaziladigan bahslarda mamlakatimiz taekvondochilari kattalar va kadetlar toifasida raqobatlashadi. Musobaqa reglamentiga ko‘ra, asosiy tarkibimiz 9-10 fevral kunlari medallar uchun raqobatlashadi.
Jumladan, 9 fevral kuni Diyorbek To‘xliboyev (68 kg), Umid Turobov (68 kg), Najmiddin Qosimhojiyev (74 kg), Islom Rajabov (74 kg), Jasur Jaysunov (80 kg), Shahboz Tusmatov (80 kg), Shuhrat Salayev (87 kg) va Yodgor Jo‘raboyev (87 kg) dayanga ko‘tariladi. 10 fevralda esa Madina Shoniyozova (46 kg), Zuhra Tojimatova (46 kg), Dilnoza Tangirova (49 kg), Shabbona Abduvaliyeva (57 kg), Ozoda Sobirjonova (67 kg), Polina Xan (73 kg) hamda Svetlana Osipova (+73 kg) o‘z vazn toifalarida bellashadi.
Taekvondochilarimiz musobaqa davomida bosh murabbiy Pavel Xan bilan birgalikda murabbiylar Stanislav Xan, Maksim Rafalovich va Jasur Boyqo‘ziyev qo‘l ostida janglarda ishtirok etadi.
Kadetlar o‘rtasidagi musobaqa 12 fevral kuni boshlanadi. Unda 24 nafar sportchimiz jang qiladi.
Ma’lumot o‘rnida: o‘tgan yilgi “Fujairah Open” turnirida terma jamoamiz a’zolari 6 ta oltin, 1 ta kumush va 3 ta bronza, jami 10 ta medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egallagan va tarixiy natijani qayd etgan edi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA