
Kuala-Lumpurda Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shadiyev va Malayziyaning Turizm, san’at va madaniyat vazirligi bosh kotibi Raslan Abdul Rahmon o‘rtasida uchrashuv tashkil etildi.
Muloqot davomida turizm sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirish masalalari, shuningdek, mamlakatlar o‘rtasidagi sayyohlar oqimini ko‘paytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Xususan, malayziyalik sayyohlarni ziyorat, madaniy va qishki turizm yo‘nalishlari bo‘yicha jalb qilish, shuningdek, malayziyaliklar uchun “Umra plyus” sayyohlik dasturini amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Muzokaralar yakunida sayyohlar oqimini ko‘paytirish bo‘yicha loyihalarni birgalikda amalga oshirish, O‘zbekistonning qishki va ziyorat turizmi salohiyatini to‘liq yuzaga chiqarish maqsadida Malayziyaning tegishli uyushmalari va tashkilotlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA