Shartnomadagi muddatlarda tovarni yetkazmaslik penya to‘lashga sabab bo‘ladi

217

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Unda dastlab iste’molchilarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, bugungi kunda oldi-sotdi munosabatlarida iste’molchilar huquqlarining himoya qilinishini ta’minlash uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish zaruriyati yuzaga kelyapti. Shundan kelib chiqib, ushbu qonun loyihasi bilan sotuvchi iste’molchiga shartnomada ko‘rsatilgan muddatlarda tovarni topshirmagan taqdirda majburiyatni bajarilmagan qismiga penya to‘lashi nazarda tutilmoqda. Bunda penya summasi yetkazib berilmagan tovarlar bahosidan ortiq bo‘lmasligi, penyani to‘lash shartnoma majburiyatlarini buzgan sotuvchi tovarlarni yetkazib berish muddatlarini kechiktirib yuborish, to‘liq yetkazib bermaslik oqibatida yetkazilgan zararni qoplashdan ozod etmasligi belgilanyapti.

Sotuvchi tovarlarni iste’molchiga topshirishning kechikishi iste’molchining aybi bilan sodir bo‘lganligini isbotlasa, penya to‘lashdan ozod etilishi ko‘zda tutilmoqda.

Qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida mas’ul qo‘mita tomonidan bir qator yig‘ilishlar, seminarlar o‘tkazilgani, ularda deputatlar tomonidan berilgan barcha takliflar chuqur tahlil qilinib, asoslilari hujjat matnida aks ettirilgani ta’kidlandi.

Qonun loyihasining qabul qilinishi aholining qonuniy manfaatlarini iste’molchi sifatida huquqlarini himoya qilish va oldi-sotdi shartnomasiga muvofiq sotuvchi shartlashilgan muddatda yoki muddatlarda tovarlarni iste’molchiga topshirmasligi kabi holatlarning oldini olishga xizmat qiladi.

Muhokamalarda so‘z olgan deputatlar ayrim normalar bo‘yicha savollarni o‘rtaga tashladi. Jumladan, tovar o‘z vaqtida topshirilmagani, ya’ni xizmatning bajarilmagani uchun penya to‘lash nazarda tutilmoqda, ammo yetkazilgan tovar o‘rnatib berilishi lozim bo‘lgan texnika va buyumlar bo‘lsa, o‘rnatib berilmagani masalasi ko‘zda tutilmagan. Yana bir qator savollarga soha mutasaddilari va mas’ul qo‘mita vakillari tegishli javoblar qaytardi.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.

Muhtarama Komilova, O‘zA