Malayziyaning Penang shtatida “O‘zbekiston – Buyuk Ipak yo‘li durdonasi” O‘zbekiston-Malayziya turizm forumi o‘tkazildi.

Forumda O‘zbekistonning turizm imkoniyatlari, tarixiy obidalari, madaniy va tabiiy boyliklari haqida taqdimotlar bo‘lib o‘tdi. Taqdimotlarda O‘zbekistonning turizm yo‘nalishlari, shu jumladan, Shahrisabz, Samarqand, Buxoro, Xiva va boshqa shaharlarining boy madaniy va tarixiy ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi.

Turizm qo‘mitasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, ikki mamlakatning 100 nafardan ortiq turizm biznesi vakili ishtirokida o‘tkazilgan “B2B” uchrashuvlari doirasida O‘zbekiston va Malayziya sayyohlik kompaniyalari o‘rtasida ishbilarmonlik aloqalari o‘rnatildi. Hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi va turistlar oqimini oshirish bo‘yicha o‘zaro kelishuvlarga erishildi.

Shuningdek, Malayziya sayyohlik kompaniyalari vakillari forum doirasida tashkil etilgan “Yangi O‘zbekiston” fotoko‘rgazmasi orqali so‘nggi yillarda O‘zbekistonda barpo etilgan yangi turizm maskanlari, yangilangan infratuzilmalar va madaniy meros ob’ektlari bilan tanishdi.

Tadbirga tashrif buyurgan mehmonlar yurtimizning boy va rang-barang madaniyati hamda an’analarini aks ettiruvchi milliy kuy-qo‘shiqlar va raqslar bilan yaqindan tanishib, o‘zbek milliy taomlaridan tatib ko‘rdi.

Forum O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi turizm aloqalarini rivojlantirish, o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA