Yaylovlarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishning zamonaviy mexanizmlari joriy etiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Yaylovlarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, yaylovlarni muhofaza qilish, ulardan samarali va oqilona foydalanishni tashkil etish, yaylov xo‘jaligini rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish, sohada boshqaruvning ixcham va samarali tizimini joriy etish, chorvachilik xo‘jaliklarining yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarini e’tirof etish maqsadida Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi tugatiladi.
Ipakchilik qo‘mitasining:
yaylovlarni boshqarishga oid vazifa va funksiyalari – Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasiga;
pilla yetishtirish va ipakchilik sohasini rivojlantirishga oid vazifa va funksiyalari – Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda “O‘zbekipaksanoat” uyushmasiga;
Qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti hamda Buxoro cho‘l-yaylov ozuqabop o‘simliklar urug‘chiligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi – Veterinariya qo‘mitasi tizimiga;
Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti va O‘zbekiston tabiiy tolalar ilmiy-tadqiqot instituti – Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimiga o‘tkaziladi.
Veterinariya qo‘mitasi muassisligida davlat muassasasi shaklida Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand va Surxondaryo yaylov xo‘jaliklari;
Veterinariya qo‘mitasi markaziy apparati tuzilmasida Yaylov xo‘jaligini rivojlantirish boshqarmasi tashkil etiladi.
Yaylov yerlaridan samarali foydalanishni tashkil etish va ularni muhofaza qilish, qorako‘lchilik, teri va jun sanoati sohalarini yanada rivojlantirish bo‘yicha respublika komissiyasi tashkil etiladi.
Komissiyaning asosiy vazifalari:
yaylov yerlaridan samarali va oqilona foydalanishni tashkil etish, qorakulchilik sohasida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, ushbu yo‘nalishdagi tadbirkorlik sub’ektlarining o‘zaro hamkorligini ta’minlash;
qorakulchilik sohasini rivojlantirish bilan bog‘liq masalalarni muntazam ravishda muhokama qilib borish hamda bu boradagi mavjud muammolarni hal qilishga qaratilgan choralar ko‘rib borish;
qorako‘lchilik sohasini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish hamda yaylov ozuqabop ekinlar urug‘chiligini rivojlantirishga doir chora-tadbirlarni belgilash;
soha faoliyatini ilmiy asosda yo‘lga qo‘yish, ilmiy-tadqiqotlar, innovatsion ishlanmalar va seleksiya-naslchilik ishlari natijalari amaliyotga keng kulamda joriy etilishini ta’minlashdan iborat bo‘ladi.
O‘zA