Samarqandda zamonaviy gimnastika markazi tashkil etilmoqda

Har qanday sport turi insonning jismonan sog‘lom, ruhan tetik bo‘lishiga xizmat qiladi. Ayrim kasalliklarga chalinmaslik yoki xastaliklardan xalos bo‘lish uchun ham sport bilan shug‘ullanish tavsiya etilishi boisi shundan. Gimnastika esa sport turlari orasida barcha yoshdagi kishilar ham shug‘ullanishi mumkinligi, bolalikdan keksalikkacha sog‘lom turmush tarzimizning bir bo‘lagiga aylantirsa bo‘lishi bilan ajralib turadi. Shuningdek, olimpiada o‘yinlari dasturidan o‘rin olgan asosiy sport turlaridan biri.
Yurtimizda ham aholi o‘rtasida gimnastikaning ommaviyligini oshirish, gimnastika sport turlarini rivojlantirish va bu boradagi musobaqalarni muntazam o‘tkazib borish, xalqaro turnirlarda munosib ishtirok etishga alohida e’tibor qaratiladi.
Davlatimiz rahbari tomonidan 2022 yil 23 dekabrda qabul qilingan “Gimnastika sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorda ham maktabgacha yoshdagi bolalarning gimnastika sport turlari bilan shug‘ullanishi uchun keng imkoniyatlar yaratish, maktablardagi jismoniy tarbiya darslarida gimnastika sport turlari bo‘yicha mashg‘ulotlarni bosqichma-bosqich ko‘paytirish, ayniqsa, qizlar o‘rtasida erta yoshdan gimnastika sport turlarini ommalashtirish ko‘zda tutilgan.
Mazkur qaror asosida maktabgacha ta’lim tashkilotlarida “Gimnastikaga ilk qadam” dasturi, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga mo‘ljallangan, gimnastika sport turlari bo‘yicha sport maktabining boshlang‘ich tayyorgarlik guruhlari uchun ishlab chiqilgan dastur asosida “Bolalar uchun gimnastika” dasturi joriy qilingan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bog‘cha yoshidagi bolalarni gimnastika bilan shug‘ullantirish orqali ularda iroda va qat’iyatlilik, o‘zini tutish kabi axloqiy va jismoniy fazilatlar shakllantiriladi. Maktab o‘quvchilari esa gimnastikaning sog‘lomlashtiruvchi elementlaridan foydalanganda ularda tana to‘g‘ri rivojlanib, mushaklar egiluvchanligi, chaqqonlik singari jismoniy sifatlar oshadi.
Bugungi kunda Samarqand viloyatida uch ming nafar sportchi gimnastikaning badiiy gimnastika, sport gimnastikasi, sport akrobatikasi va trampolin turlari bilan shug‘ullanadi. Samarqand shahrida viloyat sport turlariga ixtisoslashgan sport maktabi faoliyat ko‘rsatmoqda.
– Respublikamizdagi gimnastikaga ixtisoslashgan maktablar orasida o‘z munosib o‘rniga ega sport maktabining 18 nafar sportchisi O‘zbekiston milliy terma jamoasining asosiy va zaxira tarkibiga qabul qilingan, – deydi O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi viloyat hududiy bo‘linmasi raisi Suhrob Rafiqov. – Bundan tashqari, tuman va shahar sport maktablarida gimnastika sport turlari bo‘yicha 20 ga yaqin bo‘lim faoliyat ko‘rsatmoqda. Samarqandlik gimnastikachilarning 81 nafari O‘zbekiston, 6 nafari Osiyo chempioni, 2 nafari Osiyo o‘yinlari g‘olibi, bir nafari jahon kubogi chempioni va sovrindori bo‘lgan.
Jumladan, gimnastika sport turlariga ixtisoslashgan sport maktabi tarbiyalanuvchisi Taxmina Ikromova 15 yildan buyon badiiy gimnastika bilan shug‘ullanib keladi. Faoliyati davomida O‘zbekiston, Osiyo chempioni, jahon kubogi, xalqaro turnirlar g‘olibi va sovrindori bo‘lgan. O‘zbekistonda 2023 yilning eng yaxshi ayol sportchisi deb topilgan. Yakkalik va juftlik yo‘nalishlarida Osiyo o‘yinlari g‘olibi, “Parij-2024” olimpiadasi qatnashchisi. Taxmina 2024 yilning mart oyida Fransiyada o‘tkazilgan badiiy gimnastika bo‘yicha gran-pri musobaqasida oltin medalni qo‘lga kiritgan.
Sport maktabining yana bir yosh badiiy gimnastikachisi, O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Vilana Savadyan o‘tgan yili Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlandi. U ayni paytda Samarqand shahridagi 51-ixtisoslashtirilgan umumiy o‘rta ta’lim maktabining 11-sinfida o‘qiydi hamda gimnastika maktabi tarbiyalanuvchisi.
– Vilana yetti yildan buyon maktabimizda badiiy gimnastika bilan shug‘ullanadi, – deydi viloyat gimnastika sport turlariga ixtisoslashgan sport maktabi treneri Maftuna Shamsiyeva. – Badiiy gimnastika bo‘yicha O‘zbekiston va Osiyo chempioni, Osiyo o‘yinlari g‘olibligini qo‘lga kiritgan. Yaqinda xalqaro toifadagi sport ustasi ham bo‘ldi. Vilananing asosiy maqsadi jahon chempioni bo‘lish va biz buning uchun birgalikda harakat qilamiz.
Prezidentimizning yuqorida qayd etilgan qaroriga ko‘ra, Nukus va Farg‘ona shaharlari qatorida Samarqandda ham zamonaviy moddiy-texnika va o‘quv-mashq bazasiga ega bo‘lgan hududiy gimnastika sport turlariga tayyorlash markazlari tashkil etish belgilangan. Ayni paytda Samarqand shahrida gimnastika markazini qurish ishlari davom etmoqda.
Qurilish mas’ullarining ma’lum qilishicha, birinchi bosqichida gimnastika zali foydalanishga topshiriladi. Hozir asosiy ishlar deyari yakuniga yetgan. Keyingi bosqichlarda markaz uchun oshxona va yotoqxonalar quriladi, hudud obodonlashtiriladi. Markaz 2024/2025 o‘quv yilidan faoliyat boshlashi belgilangan.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari