Energetika tizimida 18 ta ob’ekt ishga tushirildi
2024 yilning oxiriga kelib, O‘zbekiston energetika tizimida umumiy qiymati 3,5 milliard dollar bo‘lgan 18 ta yangi ob’ekt ishga tushirildi.
“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ elektr tarmoqlarini innovatsion rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Boburjon Murodovning so‘zlariga ko‘ra, 220-500 kV kuchlanishli podstansiyalar va tarmoqlarning raqamli modelini “DIgSILENT PowerFactory” dasturiy ta’minotida ishlab chiqish, yangi stansiyalarning tarmoqqa ulanishini tadqiq qilish va ularning ishga tushirilishiga tayyorgarlik ko‘rish kabi qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Bundan tashqari, elektr tarmoqlarini doimiy tahlil qilish va zarur hollarda o‘ta yuklangan transformatorlarni katta quvvatliga o‘zgartirish takliflari ham ishlab chiqilgan.
–O‘tgan yilning oxiriga kelib, jami quvvati 2663 MVt bo‘lgan shamol, quyosh va issiqlik elektr stansiyalari foydalanishga topshirildi. Shu bilan birga, 300 MVt/600 MVt soat bo‘lgan 2 ta energiya saqlovchi akkumulyator batareya tizimi ham joriy qilindi. Qo‘shimcha ravishda 3 ta 500 kV kuchlanishli va 2 ta 220 kV kuchlanishli podstansiya hamda umumiy uzunligi 290 kilometr bo‘lgan 500 kV kuchlanishli tarmoq ishga tushirildi. Elektr tarmoqlarini innovatsion rivojlantirish boshqarmasi xodimlari ushbu loyihalarning ishga tushirish muddatlariga qadar, ishlarni o‘z vaqtida va ishonchli amalga oshirish uchun investorlar bilan hamkorlikda ishladilar. Ushbu loyihalar yiliga qo‘shimcha 15 milliard kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatini yaratdi,–dedi B.Murodov.
N.Ziyodullayeva, O‘zA