O‘zbekiston vakillari Pokiston ko‘rgazmasida
O‘zbekistonning Pokistondagi elchisi Alisher To‘xtayev boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi Lahor shahridagi “Expo Centre Lahore” majmuasida bo‘lib o‘tgan “Pakistan Mega Leather Show 2025” ko‘rgazmasida ishtirok etdi.
Tadbir ushbu davlat Charm mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar uyushmasi tomonidan Savdo-sanoat palatasi, “O‘zto‘qimachiliksanoat” va “O‘zcharmsanoat” uyushmalari vakillari hamda Surxondaryo viloyati tadbirkorlari ko‘magida tashkil etildi.
Ko‘rgazma davomida vakillarimiz charm va jundan tayyorlangan mahsulotlar, ishlab chiqaruvchilar, shuningdek kimyoviy mahsulot yetkazib beruvchilar takliflari bilan tanishdi, qator muzokaralar o‘tkazdi.
Qo‘y junini qayta ishlash mavzusidagi davra suhbati ishtirokchilariga O‘zbekiston bozoridagi joriy holat, jumladan poyabzal, kiyim-kechak va sport tovarlariga talab, xorijlik sarmoyadorlar uchun yaratilgan shart-sharoit to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Muzokara yakunida 2025 yil aprel oyida Pokiston charm mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar uyushmasi delegatsiyasining yurtimizga tashrifi bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu jarayon sohada ishlab chiqarish bo‘yicha yangi quvvatlar yaratish, xom ashyo bazasini baholash salohiyatini chuqur o‘rganish imkonini beradi.
Delegatsiyamizga respublikamizning Panjob muzofotidagi faxriy konsuli Najib Vohra hamrohlik qildi.
Aziza Alimova, O‘zA