Kuala-Lumpur ko‘chalarida O‘zbekiston turizm salohiyatiga bag‘ishlangan videolavhalar namoyish etilmoqda
Malayziyaning poytaxti Kuala-Lumpur mamlakatning muhim iqtisodiy, savdo-moliya va siyosiy markazi.
Aslida Malayziyada turli millat vakillari istiqomat qilgani bois, madaniyati — turli xalqlarining turli xildagi madaniyatlari bilan bog‘lanadi.
O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Kuala-Lumpur shahrining markaziy ko‘chalarida Turizm qo‘mitasi tomonidan 36 ta katta LED ekranda O‘zbekiston turizm salohiyatiga bag‘ishlangan videolavhalar namoyishi yo‘lga qo‘yildi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, Malayziya halol turizm standartlari bo‘yicha dunyoning yetakchi mamlakatlaridan biri hisoblanadi. Hukumat turizm sohasidagi tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan taqdim etiladigan xizmatlarni halol sertifikatlash bo‘yicha tartibni joriy qilgan. Buxoro, Samarqand, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahrining turizm dasturlari, jumladan “ziyorat turizmi”, “Umra+”, “madaniy turizm”, “gastroturizm”, “qishki turizm” kabi turpaketlar malayziyaliklar orasida keng targ‘ib etiladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA