O‘zbekiston – Iordaniya: Institutsional mexanizm ishga tushiriladi

184

Iordaniya Hoshimiylar Qirolligining “Al-G‘ad” (Ertaga) nashri Iordaniya va O‘zbekiston diplomatik pasport egalari uchun vizasiz kirish to‘g‘risidagi hukumatlararo kelishuvga erishilganini yozdi.

Maqolada Iordaniya Bosh vaziri o‘rinbosari, tashqi ishlar va ekspatriantlar vaziri Ayman As-Safadiy mamlakatimiz tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov boshchiligidagi yirik delegatsiya a’zolari, jumladan Investitsiyalar, sanoat va savdo, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirliklari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Savdo-sanoat palatasi, Musulmonlar idorasi, Farmatsevtikani rivojlantirish agentligi, shuningdek Tashqi ishlar vazirligi mas’ul xodimlarini qabul qilgani batafsil yozilgan.

Muloqot davomida tomonlar ikki mamlakat do‘stona munosabatini chuqurlashtirish, mudofaa, xavfsizlik va terrorizmga qarshi kurash, iqtisodiyot, savdo, sarmoya va madaniyat sohalarida sheriklik ko‘lamini kengaytirishga intilish umumiy ekanini urg‘ulagan.

Tizimli siyosiy maslahatlashuv jarayonini yo‘lga qo‘yish uchun institutsional mexanizmni ishga tushirishga kelishib olingan. Imzolanadigan hujjatlarni aniqlab olish uchun joriy yil birinchi yig‘ilish o‘tkazilishi ma’qullangan.

Uchrashuvda As-Safadiy va Saidov diplomatik pasport egalarini vizadan ozod qilish to‘g‘risidagi bitim, ikki do‘st davlat o‘rtasida xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida kelgusi ikki yilga mo‘ljallangan sheriklik bo‘yicha ish dasturi, xalqaro huquqiy hamkorlik, konsullik maslahatlashuvi, axborot almashish va ma’lumotlar bazasini kengaytirishda o‘zaro yordam, axborot-tahlil markazlari va tadqiqot muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha ham kelishib olingan.

Muharrama Pirmatova, O‘zA