Boks tarixida yangi sahifa

199

Boks bo‘yicha Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston chempionatida qoraqalpog‘istonlik sportchilar ham muvaffaqiyatli ishtirok etdi.

Xususan, -60 kg vazn toifasida ishtirok etgan qoraqalpog‘istonlik Madiyar Daniyarov O‘zbekiston chempioni unvonini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, ayollar o‘rtasida -60 kg vazn toifasida Rashida Tagirova, -66 kg vazn toifasida Aysanem Saro‘arova kumush, -63 kg vazn toifasida Mohira Ahmedova, +81 kg vazn toifasida Zarafshon Xojambergenova bronza medallarini qo‘lga kiritdi.

Sovrindor sportchilarimiz va ularning murabbiylari Nukus xalqaro aeroportida sport vazirligi rahbarlari va keng jamoatchilik vakillari tomonidan tantanali kutib olindi.

Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sport vaziri Adilbek Allanazarov va boshqalar bokschilarni erishgan muvaffaqiyati bilan samimiy qutladi va kelajakda bundan ham katta g‘alabalarni qo‘lga kiritishga tilak bildirdi. Sportni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor natijasida yurtimiz sportchilari, shu jumladan, bokschilar Osiyo, jahon chempionatlarida va Olimpiya o‘yinlarida yuqori natijalarni qo‘lga kiritib kelayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Ayniqsa, o‘zbekistonlik bokschilarning yutuqlari bugun dunyo hamjamiyati tomonidan e’tirof etilmoqda.

Ushbu chempionatda Qoraqalpog‘iston boks tarixida yangi sahifa ochildi. Oxirgi marta 2005 yilda Alibek Kraboyev kattalar o‘rtasida O‘zbekiston chempioni bo‘lgan edi. Oradan 20 yil o‘tib Madiyar Daniyarov chempionlikni qo‘lga kiritdi. Bu esa Qoraqalpog‘istonda ham iste’dodli yosh bokschilar yetishib kelayotganidan dalolatdir.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri