“Deputat va yoshlar” mavzusida uchrashuv o‘tkazildi

191

Nukus shahridagi Yoshlar markazida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tomonidan yoshlar bilan ochiq muloqot qilish, ularning siyosiy bilimlarini oshirish maqsadida “Deputat va yoshlar” mavzusida uchrashuv o‘tkazildi.

Unda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi mas’ul xodimlari, xalq deputatlari Nukus shahar Kengashidagi partiya deputatlik guruhi a’zolari, partiyaning “Yoshlar qanoti” a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirni o‘tkazishdan asosiy maqsad, deputatlar va yoshlar muloqotini tashkil etish, yoshlarni qonun ijodkorligi jarayoniga keng qamrab olish, ularning tashabbus va takliflarini o‘rganish, yoshlarning siyosiy ko‘nikmalarini rivojlantirish, partiya safiga jalb etish hamda partiyaning dasturiy maqsad va vazifalarini tushuntirishdan iborat.

Tadbir ishtirokchilari bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, jumladan, yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, ularning o‘z tashabbuslarini ro‘yobga chiqarishi uchun yaratilgan shart-sharoitlarga, shu bilan birga partiyaning dasturiy maqsad va vazifalarini targ‘ib qilishda partiya tashkilotlari va deputatlar tomonidan yoshlar bilan ishlash yo‘nalishida olib borilayotgan ishlarga to‘xtaldi. Partiyaning dasturiy maqsad va vazifalarini targ‘ib qilish borasida olib borilgan chora-tadbirlar tufayli 2024 yilning o‘zida partiya safiga 6 ming 153 nafar yosh qabul qilindi. Bugungi kunda partiya a’zolarining umumiy soni 60 ming 637 nafar bo‘lib, shundan 25 ming 665 nafarini yoshlar tashkil etadi.

Uchrashuvda partiya safiga yangi qabul qilingan yoshlarga partiyaning a’zolik guvohnomalari va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Shundan so‘ng partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi Ijroiya qo‘mitasi tomonidan partiya elektorati manfaatlariga xizmat qiladigan masalalarni “boshlang‘ich partiya tashkiloti-deputatlik guruhi-sessiya” tizimida muhokama qilishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qabul qilingan qarori mazmun-mohiyati haqida tushuncha berildi.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashidagi partiya a’zolarining taklifiga binoan yangi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining “Yoshlar ittifoqi” boshlang‘ich partiya tashkiloti tuzildi va uning raisi saylandi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar partiyaning saylovoldi dasturida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi va o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri