Yevropa futboli: “Manchester Siti” qaqshatqich zarba qabul qildi, Milan derbisida kuchlar teng keldi
Mamlakatimizda futbol bo‘yicha Yevropa mamlakatlari chempionatlariga qiziqish doim yuqori bo‘lgan. Ayniqsa, milliy terma jamoamiz a’zolari – Eldor Shomurodov va Abduqodir Husanovning Italiya hamda Angliya klublarida faoliyatini davom etirishi bu qiziqishlarni yanada o‘stirdi.
Jumladan, Italiyaning “Roma” klubi sharafini himoya qilayotgan Eldor Shomurodov musobaqaning 23-turidan o‘rin olgan “Napoli”ga qarshi bahsda asosiy tarkibda maydonga tushdi.

“Olimpiko” stadionida o‘tgan ushbu to‘qnashuvda kuchlar teng keldi – 1:1. Eldor Shomurodov maydonda 80 daqiqa harakat qilib, o‘rnini jahon chempioni Dibalaga bo‘shatib berdi. Ushbu uchrashuvda Eldorning harakatlari mutaxassislar tomonidan 6.6 ballga baholandi.
Shuningdek, mazkur turda Milan shahri derbisi bo‘lib o‘tdi. Unda “Milan” – “Inter” jamoalari o‘zaro raqobatlashdi. Uchrushuv 1:1 hisobidagi durang bilan yakunlandi. “Atalanta” va “Torino” uchrashuvi ham 1:1 hisobida tugadi.
Shu tariqa, “A” seriya favoritlari bu turda bir xil natija qayd etib, bor-yo‘g‘i bir ochkoni qo‘lga kiritdi. Hozirda “Napoli” 54 ochko jamg‘argan holda seriyada peshqadam bo‘lib turibdi. “Inter” esa 51 ochko bilan ikkinchi, “Atalanta” 47 ochko to‘plab, kuchli uchlikdan joy oldi.
O‘zbek futbol ixlosmandlari uchun qadrli bo‘lib borayotgan Angliya Premer-ligasining 24-turidan o‘rin olgan bahslar o‘z nihoyasiga yetdi. Afsuski, ushbu turda Xosep Gvardiola boshchiligidagi “Manchester Siti” safarda “Arsenal”ga 5:1 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Milliy terma jamoamiz a’zosi hisoblangan Abduqodir Husanov bu uchrashuvda zaxirada qoldirildi.

APLning bu turida “Manchester Yunayted” kutilmaganda “Kristal Pelas”ga o‘z maydonida 0:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi. “Brentford” va “Tottenxem” uchrashuvi ham shunday hisobda yakunlandi. “Bornmut” o‘z maydonida “Liverpul” bilan bahs olib bordi va Muhammad Salohning ikki goli “mersisaydliklar”ga navbatdagi 3 ochkoni tuhfa qildi.
Bu turda eng yirik hisob “Nottingem Forrest” va “Brayton” bahsida qayd etildi. Unda mezbonlar raqib jamoa darvozasiga javobsiz 7 ta gol urdi.
Mazkur natijalardan so‘ng, “Liverpul” 56 ochko bilan yaqqol peshqadamligini saqlab qoldi. “Arsenal” 50, “Nottingem Forrest” esa 47 ochko bilan ikkinchi hamda uchinchi o‘rinlarda qoldi.
Garchi, o‘zbek futbolchilari o‘ynamayotgan bo‘lsa-da, Ispaniya La- Ligasini kuzatuvchi o‘zbek muxlislari talaygina. Ayniqsa, “Barselona” va “Real” jamoalari ishtirokidagi uchrashuvlar ishqibozlari ko‘plab topiladi.

La-Liganing 22-turidan o‘rin olgan “Barselona” — “Alaves” bahsi 1:0 hisobida yakunlandi. “Real” esa Kataloniyaning ikkinchi jamoasi “Espanol” mehmoni bo‘ldi va 0:1 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Madridning ikkinchi klubi bo‘lgan “Atletiko” bu turda “Malorka”ni 2:0 hisobida yengdi.

Bu turda mag‘lubiyat alamini totgan bo‘lsa-da, “qirollik klubi” 49 ochko bilan jadvalda karvonboshilik qilmoqda. “Atletiko” 48 ochko bilan ikkinchi o‘rinni yanada mustahkamlab oldi. “Barselona” bu galgi g‘alabadan so‘ng, “Real” bilan o‘rtadagi farqni 4 taga yetkazib oldi.
Germaniya Bundesligasi peshqadami “Bavariya” 20-turda “Xolshtayn” klubini o‘z maydonida 4:3 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi va 52 ochko bilan birinchi o‘rnini yanada mustahkamladi.

“Bayer Leverkuzen” esa “Xoffenxaym” ustidan 3:1 hisobida zafar quchdi. Bu g‘alaba evaziga amaldagi chempion 45 ochko bilan ikkinchi o‘rin sohibi sifatida keyingi turga yo‘l oldi. “Ayntraxt Fr” va “Volfsburg” jamoalari uchrashuvi 1:1 hisobida yakunlandi. Natijada “Ayntraxt Fr” ochkolarini 38 taga yetkazib olgan holda uchinchi o‘ringa joylashdi.
O‘tgan hafta yakunida Fransiya chempionatida 20-tur o‘yinlari o‘tkazildi. Unda musobaqa peshqadami “PSJ” safarda “Brest”ni 2:5 hisobida yengdi va ochkolarini 50 taga yetkazdi. “Marsel” esa “Lion”ni 3:2 hisobida taslim qildi hamda 40 ochko bilan ikkinchi pog‘onada qoldi. “Monako” esa “Oser” ustidan 4:2 hisobida g‘alabaga erishdi. Hozirda “Monako” 37 ochko bilan kuchli uchlikda bormoqda.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA