“Tata Steel Chess-2025” turnirining g‘olibligiga kim ko‘proq haqli?
Bugun, 2 fevral kuni Niderlandiyaning Veyk-an-Zeye shahrida shaxmat bo‘yicha davom etayotgan “Tata Steel Chess-2025” turnirining so‘nggi tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
Xo‘sh, Xalqaro shaxmat federatsiyasi reytingiga muhim ballarni taqdim etadigan mazkur nufuzli musobaqaning g‘olibi bo‘lishga qaysi shaxmatchi ko‘proq haqli? Turnirning o‘tgan yilgi g‘olibi va jahon chempioni Gukesh Dommarajumi, bu galgi o‘yinlarda o‘z iroda va iqtidorini namoyish etayotgan Pragnanandxami yoki Nodirbek Abdusattorovmi?
Kecha ortda qolgan 12-tur bahslarida kutilgan va kutilmagan natijalar qayd etildi.

“Masters” guruhida yetakchilikka asosiy da’vogar Gukesh Dommaraju ushbu turda qora donalarda niderlandiyalik Yorden van Forest bilan kuch sinashib, durangga erishdi.
Amaldagi jahon chempionining ochko yo‘qotishidan unumli foydalangan hamyurti Rameshbabu Pragnanandxa oq donalarda serbiyalik Aleksey Saranani mag‘lub etdi va g‘oliblikka asosiy nomzoddan biriga aylanib oldi.

Hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorovning 12-turda qora donalarda hindistonlik Arjun Erigaisi bilan o‘tkazgan o‘yini uning g‘oliblik yo‘lidagi imkoniyatlarini ancha pasaytirib yubordi.
Aytish lozim, Nodirbek raqibini mag‘lub etishga yaqin bo‘lgan holatda kutilmaganda ketma-ket qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘yishi oqibatida g‘oliblikka nomzodlar qatoridan deyarli tushib ketdi.
Hamyurtimizning “Tata Steel Chess-2025” g‘olibi bo‘lishi uchun oxirgi turda Gukesh va Pragnanandxa mag‘lubiyatga uchrashi, Abdusattorov g‘alaba qozonishi kerak bo‘ladi.

Mazkur turda shuningdek, asli rossiyalik, hozirda Sloveniya sharafini himoya qilayotgan Vladimir Fedoseyev qora donalarda niderlandiyalik Maks Varmerdamni taslim etgan bo‘lsa, Vey I – Anish Giri, PentalaXarikrishna – Vinsent Keymer, Leon Lyuk Mendonka – Fabiano Karuana uchrashuvlarida murosa yo‘li tanlandi.
13-tur ostonasida Gukesh Dommaraju va Rameshbabu Pragnanandxa 8,5 ochko bilan yetakchilik qilmoqda.
Nodirbek Abdusattorov 7,5 ochko bilan 3-o‘rinni egallab turibdi. Vladimir Fedoseyev 7 ochko bilan 4-o‘rinda borayotgan vaziyatda xitoylik Vey I va niderlandiyalik Anish Giri 6,5 ochko jamg‘argan holda 5-6-pog‘onalarni band etgan.
Bugun o‘tkaziladigan so‘nggi 13-turda O‘zbekistonning birinchi raqamli shaxmatchisi Nodirbek Abdusattorov musobaqada 6 ochko jamg‘arib 8-qatordan joy olgan hindistonlik Pentala Xarikrishna bilan kuch sinashadi.
So‘nggi turda Gukesh Dommaraju – Arjun Erigaysi, Vinsent Keymer –Rameshbabu Praggnanandxa, Anish Giri – Yorden van Forest, Vladimir Fedoseyev – Vey I, Fabiano Karuana – Maks Varmerdam, Aleksey Sarana – Leon Lyuk Mendonka o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
“Chellenjer“ guruhida dona surayotgan hamyurtimiz Nodirbek Yoqubboyev 12-turda oq donalarda turnir jadvalida 5 ochko bilan 11-qatorda borayotgan niderlandiyalik Artur Peypersni mag‘lub etdi. Ushbu g‘alaba tufayli Yoqubboyev 7 ochkoga ega bo‘lgan holda qo‘shimcha ko‘rsatkichlar tufayli 5-o‘ringa ko‘tarilib oldi.
Bugun o‘tadigan 13-turda Nodirbek Yoqubboyev xitoylik Lu Myaoiga ro‘baro‘ keladi. Hamyurtimiz qora, raqibi oq donalarda harakatlanadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA