Bahodir Ahmedov O‘zbekiston chim ustida xokkey federatsiyasi faxriy raisi etib saylandi

Poytaxtimizdagi Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida O‘zbekiston chim ustida xokkey federatsiyasining navbatdan tashqari konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Sport vaziri o‘rinbosari, O‘zbekiston chim ustida xokkey federatsiyasi raisi Avazjon Karimov, Sport o‘yinlari bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabi, O‘zbekiston chim ustida xokkey federatsiyasining Ijroqo‘m a’zolari, hududiy vakillari va murabbiylari ishtirok etgan yig‘ilishda 2025 yilda chim ustida xokkey sport turini har tomonlama rivojlantirish, sportchilarga namunali shart-sharoit yaratish masalalari muhokama qilindi.

Konferensiya davomida bir qator masalalar ko‘rib chiqilib, federatsiya mas’ullari saylandi.
Bildirilgan fikr-mulohazalar va takliflar asosida 2016-2024 yillar davomida barcha yosh toifalarida O‘zbekiston terma jamoalarini shakllantirish va Osiyo qit’asining nufuzli musobaqalarida munosib natijalarga erishilgani qayd etilib, Bahodir Ahmedov O‘zbekiston chim ustida xokkey federatsiyasining faxriy raisi, Rustam Tashmuhamedov bosh kotib etib saylandi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA