AQSHda samolyotlar halokati, Suriyaga prezident kelishi va g‘azoliklarning uyga qaytishi

Tram AQSHdap Rossiya – Ukraina muammosini qachon hal qiladi?
AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiya – Ukraina mojarosini shu yil bahorgacha hal qilish niyatida, deb yozdi Britaniyaning «Independent» gazetasi.
Xabarda aytilishcha, Oq uy rahbari rejasini amalga oshirish uchun Kiyev va Moskva bilan alohida-alohida ish olib borayotgan bo‘lishi mumkin.
Avvalroq «The Wall Street Journal» Tramp o‘zining Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Keyt Kellogga Moskva va Kiyev mojarosini 100 kun ichida hal qilish bo‘yicha ko‘rsatma bergani, ammo bu borada muvaffaqiyatga erishilishiga, deyarli, hech kim ishonmayotgani haqida yozgan edi.
– Rossiya Ukraina bilan mojaro masalasida Amerikaning yangi ma’muriyati bilan muloqot uchun ochiq, – degan Prezident Vladimir Putin Oq uy bu yo‘lda boshlagan sa’y-harakatga munosabat bildirarkan. – Kelishuvdan maqsad qisqa muddatli sulh emas, balki uzoq muddatli tinchlik bo‘lishi kerak.
«Ularning energetika tizimi butunlay yo‘q qilinmoqda. Kimdir bularni rekonstruksiya uchun to‘lov qilishi kerak bo‘ladi. Hozirda juda ko‘p ukrainaliklar Ukrainani tark etib, hozir boshqa davlatlarda yashamoqda, ular hech qachon yurtiga qaytmasligi mumkin. Bu ularning kelajagi va u xavf ostida», — dedi AQSH Davlat departamenti rahbari.
Shuningdek, Marko Rubio Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush muzokaralar orqali yakunlanishi kerakligini yana bir bor ta’kidladi va buning uchun har ikkala tomon murosaga borishi lozimligini aytdi.
Amerika Qo‘shma Shtatlari shu hafta oldin Isroilda saqlangan «Patriot» havo mudofaa tizimi uchun mo‘ljallangan 90 ga yaqin tutib oluvchi raketani Ukrainaga jo‘natdi.
Qurilmalar avval Polshaga yetkazilgan, endi Ukrainaga o‘tkazilishi kutilyapti. Bu 2022 yil mojaro boshlangandan beri Isroildan Kiyevga yetkazilgan eng yirik qurol to‘plamidir.
Portal ma’lumotiga ko‘ra, Isroil harbiy-havo kuchlari o‘z havo hujumidan mudofaa tizimini rivojlantirish asnosida 2024 yil aprelda eskirgan, deya baholangan «Patriot» tizimini foydalanishdan chiqargan.
Shuningdek, AQSH Prezidenti Donald Tramp mamlakatning «Temir gumbaz» raketaga qarshi mudofaa tizimini yaratish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu haqda Oq uy matbuot xizmati ma’lum qildi.
Mamlakat rahbari mudofaa vaziriga 60 kun ichida tegishli loyihani taqdim etish bo‘yicha topshiriq bergan.
– Ushbu hujjat kuchga kirgan kundan boshlab 60 kun ichida mudofaa vaziri Prezidentga yangi avlod raketa qalqoni uchun mos loyiha, imkoniyatga xos talab mezoni va mazkur tashabbusni amalga oshirish rejasini taqdim etadi, – deyilgan farmoyishda.
Ayni jarayonda ballistik, giper tovushli va ilg‘or qanotli raketadan himoyalanish, xuddi shunday rusumdagi fazoni kuzatish qurilmalari o‘rnatilishini tezlashtirish hamda raketani kuchaytirish bosqichida tutib olishga qodir tutqichlarni ishlab chiqish va joylashtirish ko‘zda tutilgan.
Buyruqda eng zamonaviy usullar orqali amalga oshiriladigan havo hujumiga duch kelish ehtimoli Qo‘shma Shtatlar oldidagi «eng halokatli tahdid» ekani ham ta’kidlangan.
Tramp inauguratsiya kuni Qurolli kuchlarga mamlakat hududini himoya qilish uchun «Temir gumbaz» tizimini ishga tushirish niyatini oshkor etib, milliy mudofaani rivojlantirish yangi ma’muriyat uchun ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lishini qo‘shimcha qilgandi.
O‘n minglab falastinliklar G‘azo shimoliga qayta boshladi
Ushbu hafta Isroilning yirik hujumlari tufayli uyini tark etishga majbur bo‘lgan o‘n minglab falastinliklar janubdan shimolga qayta boshladi.
Isroil G‘azoning shimoliy va janubiy qismlarini ajratib turuvchi Nesarim yo‘lagidan o‘tishga ruxsat berilishini e’lon qilgach, qochqinlar Al-Rashid ko‘chasi orqali eksklav shimoliga yo‘l oldi.
Kelishuvga ko‘ra, Salohiddin ko‘chasi orqali qaytish piyoda emas, faqat avtomobilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Mashinalar nazorat punktida Amerika xususiy xavfsizlik kompaniyasi tomonidan tekshiriladi.
Isroilning uchuvchisiz uchish qurilmalari hudud uzra uchayotgani haqida xabarlar bor. Sektor shimolidagi binolarning 80-90 foizi vayron bo‘lgan esada, 15 oy davomida bir necha bor uyini tashlab ketganlar, baribir, yurtiga qaytishni xohlamoqda.
HAMAS siyosiy byurosi a’zosi Izzat Al-Rishq G‘azo aholisini «muborak qaytish» bilan qutladi. Havodan olingan suratlarda ko‘chmanchilarning keng oqimi qaytish jarayonini kutayotgani aks etgan.
Qatar Tashqi ishlar vazirligi HAMAS va Isroil kelishuvi doirasida asirlarni almashishning ikkinchi bosqichida yuzaga kelgan inqiroz bartaraf qilinganini bildirdi.
– Rahbariyat mahalliy aholini G‘azo sektoridan ko‘chirishga qaratilgan har qanday reja yoki loyihani qat’iyan rad etadi va qoralaydi. Falastinliklar o‘z yerlarini hech qachon tark etmaydi, – deyilgan WAFA axborot agentligi rasmiylar bayonoti asosida tarqatgan xabarda.
Avvalroq Amerikaning NBC telekanali nomi oshkor etilmagan amaldorga tayanib, Prezident Donald Tramp ma’muriyati hozir G‘azoni qanday tiklash, bunday sharoitda 2 millionga yaqin falastinlikni qayerga joylashtirishni o‘ylayotganini ma’lum qilgan. Axborotda odamlar ehtimoliy ko‘chiriladigan joylardan biri Indoneziya bo‘lishi mumkinligi taxmin qilingan. Sanoqsiz orollardan iborat bu davlat Tashqi ishlar vazirligi esa ayni xabarga izoh berarkan, Jakarta bunday rejadan bexabarligini ta’kidlagan.
AQSHda halokatga uchragan samolyotning qora qutilari topildi
AQSH Milliy Transport xavfsizligi kengashi Vashington yaqinida vertolyot bilan to‘qnashib, daryoga qulagan yo‘lovchi samolyoti parvoziga doir ma’lumotlarni yozib olgan «qora qutilar» topilgani haqida xabar berdi.
«USA Today» ma’lum qilishicha, Potomak daryosida qidiruv olib borgan ekipajlar fojia yuz bergan lahzalardagi holatlarni aniqlashda muhim ahamiyat kasb etadigan ovoz yozish qurilmasi va boshqa ma’lumotlarni qayd etish moslamasini topdi.
Qora qutilar sinov uchun laboratoriyaga olib ketilganini bildirgan Piter Knudsoning so‘zlariga ko‘ra, samolyot sahnida boshqa yozuv apparatlari bo‘lmagan. Shunga qaramay, mavjud ma’lumotlar halokat sababini yuzaga chiqarishi kutilyapti.
Eslatib o‘tamiz, 29 yanvar kuni AQSH poytaxtining Ronald Reygan nomli xalqaro aeroporti yaqinida yo‘lovchi samolyoti va harbiy vertolyot samoda to‘qnashgan. «American Airlines» havo kemasida 60 yo‘lovchi va to‘rt nafar ekipaj a’zosi, vertolyotda esa uch kishi bo‘lgan. Prezident Tramp halokatda hech kim tirik qolmaganini bildirib, vertolyot boshqaruvchisi xatoga yo‘l qo‘yganini ta’kidladi. Hafta oxiriga kelib, AQSHning Pensilvaniya shtatida yana bir kichik o‘lchamli samolyot halokatga uchradi. Shtat gubernatori Shimoliy-sharqiy Filadelfiyada bortida ikki kishi bo‘lgan kichik o‘lchamli samolyot qulab tushganini ma’lum qildi.
Samolyot turar-joy binolari yaqinida qulab tushgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, aviahalokat oqibatida 6 kishi halok bo‘lgan.
Ahmad Ash-Shar’a – Suriya Prezidenti
«SANA» agentligi xabar berishicha, Suriyaning muvaqqat hukumati ma’muriyati rahbari Ahmad Ash-Shar’a rasman mamlakatning o‘tish davridagi yetakchisiga aylandi. Yangi hukumat mamlakat konstitutsiyasi bekor qilinishi, shuningdek barcha xavfsizlik kuchlari va qurolli tuzilmalar tarqatib yuborilib, fuqarolar xavfsizligini ta’minlaydigan yangi tuzilma paydo bo‘lishini e’lon qildi.
– Hozir hokimiyatdagi bo‘shliqni to‘ldirish, fuqarolar tinchligini saqlash, davlat institutlarini tuzish, mamlakatning iqtisodiy rivojlanishi uchun zamin yaratish, yurtning xalqaro va mintaqaviy maqomini tiklash ustuvor vazifalar hisoblanadi, – dedi yangi Prezident.
8 dekabr «Buyuk Suriya inqilobi» g‘alabasi kuni sifatida nishonlanadigan bo‘ldi.
Bundan tashqari mamlakatda 61 yil hukmronlik qilgan «Baas» partiyasi tarqatib yuboriladi va boshqa nom ostida qayta faoliyat yuritishi ham taqiqlanadi.
Ushbu hafta Yevropa Ittifoqi Suriyaga qarshi qator sanksiya choralarini to‘xtatishga qaror qildi, deya ma’lum qildi Fransiya tashqi ishlar vaziri Bryusseldagi kengash yig‘ilishi oldidan.
– Energetika, transport, moliya sohalarida qo‘llanadigan, mamlakatning iqtisodiy barqarorlashuvi va tiklanish jarayoniga xalaqit beradigan ayrim cheklovlar bekor qilinadi, – dedi mulozim.
«Interfaks» xabariga ko‘ra, ayni qadam suriyaliklarning siyosiy o‘tish jarayoniga qo‘shilishi munosabati bilan tashlanmoqda. Bu «xavfsizlikni kafolatlash bo‘yicha qat’iy choralar, ayniqsa terrorizm qayta kuchayishining har qanday ko‘rinishiga qarshi izchil kurashni ta’minlaydi.
Sardorbek Poyonov, Yoqubjon Meliboyev, Nishonboy Abduvoitov (video), O‘zA