Suvdan foydalanish: deputatlar taklifi bilan jarima 10 barobardan 5 barobarga kamaytirildi

Qonunchilik palatasining majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Suv kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.
Qonun loyihasi suv va suvdan foydalanish sohasida yagona huquqiy hujjat yaratish maqsadida ishlab chiqilgan bo‘lib, suvdan oqilona foydalanish, samarali boshqarish va muhofaza qilishni ta’minlaydigan huquqiy shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan.
Shuningdek, suv yetkazib beruvchilar va suv iste’molchilarining mas’uliyatini oshirish, suvdan foydalanishda ruxsatnoma olish tartibi soddalashtirilishiga xizmat qiladi.

Mazkur loyiha shu yil 24 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan palata majlisida ayrim normalarni maromiga yetkazish vaji bilan mas’ul qo‘mitaga qaytarilgan edi. O‘tgan davrda mas’ul qo‘mita tomonidan ushbu takliflar chuqur tahlil qilindi va ular asosida loyiha har tomonlama pishiq-puxta holatga keltirilib, maromiga yetkazildi.
— Loyihada suv resurslarini boshqarish, ulardan foydalanish va muhofaza qilishga doir kompleks hamda muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, suv tejovchi texnologiyalardan keng foydalanishni rag‘batlantirish, suv olish tartibini buzganlik uchun javobgarlik masalalari ham nazarda tutilmoqda, — dedi Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi raisi Ravshan Mamutov. — Qo‘mitamiz a’zolari kodeks loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasida mas’ul organlarning vakolatlari, vazifa va funksiyalarini aniq belgilash, suv xo‘jaligida davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini kengaytirish, suvdan foydalanish uchun ruxsatnoma berish shartlarini soddalashtirish, suvni iste’molchilar orasida taqsimlashning yangi mexanizmlarini joriy etishga alohida ahamiyat qaratdilar.

Shuningdek, “Suvdan foydalanishdagi nizolarni hal etish” bobi loyihadan chiqarib tashlandi va 29-bobga nizolarni hal etish moddasi qilib kiritildi. Suvdan foydalanish tartibini takroran buzish holatlari uchun moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash BHMning 10 barobaridan 5 barobar miqdoriga o‘zgartirildi.
Suvdan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun ma’muriy jarimalardan tushadigan mablag‘larni taqsimlash normasi amaliyotdagi qonunosti hujjatlari bilan belgilangani bois chiqarib tashlandi.
Muhokamalarda kodeks loyihasining qabul qilinishi suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, sohaga investitsiyalarni jalb qilish, texnologik modernizatsiya qilishni rag‘batlantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi va uchinchi o‘qishda qabul qilinib, Senatga yuborildi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA