Diniy sohadagi davlat siyosati Konsepsiyasi loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi

281

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda bir guruh deputatlar tomonidan tashabbus qilingan O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati Konsepsiyasi loyihasi muhokama qilindi. Mazkur Konsepsiya loyihasini qonun bilan tasdiqlash nazarda tutilgan.

– O‘zbekistonda vijdon erkinligini ta’minlash sohasida tizimli ishlar amalga oshirib kelinmoqda, – dedi deputat Jahongir Shirinov. – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun fuqarolarning vijdon erkinligi huquqini kafolatlashda mustahkam zamin bo‘ldi.

Mustaqillik yillarida tarixiy, diniy, madaniy ahamiyatga ega binolarni obodonlashtirishga e’tibor qaratildi. Ziyorat turizmini sifatli tashkil etish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda. O‘zbekiston uchun haj kvotasi 3 barobar oshirildi, umra ziyoratiga kvotalar to‘liq bekor qilindi. Natijada Saudiya Arabistoniga qariyb 800 ming musulmonlar haj va umra ziyoratini amalga oshirish uchun bordi.

Diniy ta’lim tizimi rivojlanishiga katta e’tibor qaratilmoqda. Bugungi kunda O‘zbekistonda 4 ta oliy islom ta’lim muassasasi, 10 ta o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, jumladan, 2 ta ayollar madrasasi, shuningdek, pravoslav va protestant seminariyalari faoliyat ko‘rsatmoqda.

2018 yilda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tashkil etildi. Ilmiy-amaliy yondashuv asosida islom sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan mutafakkirlar merosini o‘rganish, diniy taassublar bilan bog‘liq xavflarning mafkuraviy asoslarini tadqiq etish maqsadida O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Motrudiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyat ko‘rsata boshladi.

Shu bilan birga, ijtimoiy munosabatlarga muayyan bir dinga xos qoidalarni joriy etish, ayollar va erkaklar huquqlari tengligini shubha ostiga qo‘yish, ijtimoiy axloq normalari, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni inkor etish, tibbiy xizmatdan, ilm-fan va madaniyat yutuqlaridan foydalanishga bo‘lgan huquqlarni cheklashga qaratilgan g‘oya va qarashlar tarqalishi holatlari uchramoqda. Bunday holatlar jamiyat hamjihatligiga xatar bo‘lib, vatanparvarlik tuyg‘ulari yemirilishiga, ziddiyatlarga olib kelishi mumkin.

Shu maqsadda mazkur hujjat bilan fuqarolarning vijdon erkinligi huquqini ta’minlash va O‘zbekiston Respublikasi dunyoviy davlat ekanligiga oid konstitutsiyaviy qoidalarni ro‘yobga chiqarishga hamda diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi, vazifalari, prinsiplari, ustuvor yo‘nalishlari va ularni amalga oshirish mexanizmlarini belgilash taklif etilmoqda.

Hujjatga ko‘ra, diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi – fuqarolarning vijdon erkinligiga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun teng shart-sharoitlar yaratish, turli dinlarga mansub diniy tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro murosa va hurmat o‘rnatilishiga ko‘maklashish, konfessiyalararo totuvlikni mustahkamlash, jamiyatda diniy bag‘rikenglikni va dunyoviylikni ta’minlashdan iborat.

Mazkur Konsepsiya juda muhim ijtimoiy-siyosiy hujjat bo‘lib, uning qabul qilinishi va sohada yagona davlat siyosatining amalga oshirilishi fuqarolarning teng huquqliligini kafolatlaydi, ko‘pmillatli O‘zbekiston xalqining totuvligini ta’minlashga xizmat qiladi. Shuning uchun ham Konsepsiyada belgilangan asosiy vazifalarning bajarilishida parlament chetda turmaydi. Bu borada samarali parlament nazoratini amalga oshirish maqsadida Oliy Majlis palatalarining qarori bilan parlament komissiyasi tashkil etilishi nazarda tutilmoqda, – dedi deputat.

Muhokamalarda bir qator aniqlashtiruvchi savollar o‘rtaga tashlandi. Deputatlar vijdon erkinligi, ijtimoiy, diniy huquqlar Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan bir sharoitda mazkur Konsepsiyaga qanday zarurat borligi bilan qiziqdi. Tashabbuskor deputatlar ko‘tarilgan savollarga tegishli javoblar qaytardi. Shuningdek, fraksiyalarning mazkur hujjat bo‘yicha pozitsiyalari tinglandi.

Qizg‘in muhokamalardan so‘ng Konsepsiya loyihasi va uni tasdiqlash to‘g‘risidagi qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi. Shuningdek, uni keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yish borasida tegishli qaror qabul qilindi.

Muhtarama Komilova, O‘zA