Energetika resurslaridan noqonuniy foydalanishga oid 1,4 trillion so‘mlik holatlar aniqlangan

152

Mamlakatimizda elektr energiyasi samaradorligini oshirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan seminar energiya sohasini rivojlantirish va muqobil energiya resurslarini joriy etish masalalariga bag‘ishlandi.

Seminarda Energetika vazirligi hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi mutasaddilari sohada amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berdi.

Energetika vaziri J.Mirzamahmudov mamlakatimizda elektr energetikasini 2025-2035 yillarda rivojlantirish chora-tadbirlari, shu jumladan, yangi elektr stansiyalari va energiya saqlash quvvatlari barpo etish, tarmoqda yo‘qotishlarni kamaytirish, sohada raqamlashtirilgan boshqaruvni joriy qilish, elektr energiyasining tannarxini pasaytirish, buning omili sifatida muqobil manbalarni ko‘paytirish kabi kun tartibidagi muhim vazifalar haqida taqdimot materiallari asosida batafsil tushuntirishlar berdi.

Vazirning ma’lum qilishicha, bugungi kunda iste’molchilarni barqaror energiya bilan ta’minlash vazifasini bajarishda, avvalo, generatsiya manbalari, yirik qayta tiklanuvchi va rostlovchi quvvatlarni joriy etish, elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’molidagi samaradorlik, har bir tarmoq kesimida energiyani 10-15 foiz iqtisod qilish, 2030 yilda elektr energiyasi yo‘qotishlarini hozirgi 14 foizdan 8-9 foizgacha tushirish rejalari katta ahamiyatga ega. Istiqbolda binolar uchun “toza energiya”, energiya samarador uylar, elektromobillardan foydalanish infratuzilmasini rivojlantirish yo‘nalishlarida bir qator yangi loyihalar amalga oshiriladi.

“O‘zenergoinspeksiya” boshlig‘i I.Ne’matullayev esa 2024 yilda energetika resurslaridan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan 1,4 trln. so‘mlik 8 mingdan ortiq holatlar aniqlanganini aytib o‘tdi.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi mutasaddilari “yashil” energetikani rivojlantirish borasida so‘z yuritar ekan, 2024 yilda 752 MVtlik shamol elektr, 2 ming 763 MVtlik quyosh elektr stansiyalari va 1 ming 782 MVtlik energiya saqlash tizimlarining qurilayotgani, buning natijasida 4,8 mln. tonna zararli gazlarning atmosferaga chiqishining oldi olinayotgani e’tirof etildi.

Muhokamalarda so‘z olgan deputatlar aholiga “yashil” energetikani rivojlantirish va energiya samaradorlikka erishishning zarurati va ahamiyatini keng tushuntirib borish, natijada muqobil energiya manbalarini keng joriy etishga erishish ustuvor maqsad ekanligini alohida ta’kidladi.

Muhtarama Komilova, O‘zA