“MKBANK”da korrupsiyaga qarshi kurashish borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
“Mikrokreditbank” aksiyadorlik-tijorat banki bu yo‘nalishdagi faoliyatini Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan hamkorlikda bank tuzilmasida korrupsiyaga barham berish uchun xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash tizimi standartlarini joriy etishga e’tibor qaratmoqda.
Xususan, bankda korrupsiyaning oldini olish va manfaatlar to‘qnashuvini boshqarishga oid bir qator vazifalar amalga oshirildi.
Natijada 2024 yilda bank tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish xalqaro standartlarini joriy etish maqsadida ISO 37001:2016 “Korrupsiyaga qarshi kurashni boshqarish tizimi – talablar va qo‘llash bo‘yicha ko‘rsatmalar” xalqaro sertifikatiga ega bo‘ldi.

Bu haqda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Mikrokreditbank” tomonidan tashkil etilgan brifingda ta’kidlandi. Bank axborot xizmati rahbari Sarvar Ochilov mazkur yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar haqida quyidagilarni ma’lum qildi.
Korrupsiyaga qarshi o‘qitish ishlari rejasiga muvofiq bankning bosh ofisi va hududiy bo‘linma xodimlari ishtirokida, Adliya vazirligi xodimlari, shuningdek, vazirlik huzuridagi Yuristlar malaka oshirish markazi tomonidan “Bank tizimida korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslari” mavzusida o‘quv seminari tashkil etildi.
Tegishli hujjatlar ijrosini ta’minlash maqsadida, bank boshqaruvi tomonidan chora-tadbir ishlab chiqildi va vazifalar amalga oshirildi.
Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi bo‘yicha ko‘nikmalarini shakllantirish doirasida barcha hududiy boshqarmalarda huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda “Manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish” va “Korrupsiya – taraqqiyot kushandasi” mavzularida o‘quv seminarlari o‘tkazildi.
Bankning bosh ofisi va barcha tarkibiy bo‘linmalarning xodimlari ishtirokida, komplayens nazorati xodimlari tomonidan offlayn va onlayn shaklda “Korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslari”, O‘zbekiston Respublikasining “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi va “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunlarining mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida muntazam davra suhbatlari, o‘quv seminarlari tashkil qilinmoqda.
Xodimlarda manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni shakillantirish uchun bankning onlayn MKB TRAINING ACADEMY o‘quv platformasida “Korrupsioner kim?” va “Manfaatlar to‘qnashuvi” to‘g‘risida o‘quv mashg‘uloti joylashtirildi.
Bundan tashqari, bank tomonidan ISO 37001:2016 Xalqaro standarti asosida “Pora olish – berish bilan kurashish menejmenti tizimlari” mavzusida tayyorlangan va 2 ming nusxada chop etilgan o‘quv qo‘llanma hamda manfaatlar to‘qnashuvi oldini olish mavzusida 3 ming 600 nusxada chop etilgan tarqatma material bankning barcha hududiy boshqarmalariga yetkazildi.
Xodimlarning huquqiy ongini oshirish hamda bilim darajasini xalqaro tajribaga moslashtirish maqsadida 16 nafar bank xodimi xalqaro ISO 37301:2021 menejment tizimi bo‘yicha malaka oshirdi va sertifikatga ega bo‘ldi.
Bankka yangi ishga qabul qilingan 564 nafar xodimga maxsus qo‘llanma asosida korrupsiyaning oldini olish va manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik, sodir etilishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklarning huquqiy oqibatlari bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
Hisobot davrida komplayens nazorati xodimlari tomonidan bankka ishga kirmoqchi bo‘lgan 1 ming 200 nafarga yaqin nomzod o‘rganilib, 225 ta holatda manfaatlar to‘qnashuvi vujudga kelish xavfi borligi va boshqa sabablarga ko‘ra rad javobi berildi.
Bankda korrupsion holatlar va manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelganda yoki guvohi bo‘lganda murojaat qilish uchun mo‘ljallangan aloqa kanallari ya’ni elektron pochta mkbanticor@mkb.uz, rasmiy veb-sayt www.mkbank.uz (http://www.mkbank.uz/), (http://www.mkbank.uz/) telegram bot @mkbanticor_bot, ishonch telefoni +998-555037711 tashkil qilingan. Ushbu aloqa kanallari orqali o‘tgan yilda jami 200 ga yaqin murojaat kelib tushgan.
Ushbu murojaatlarning barchasi mas’ul tarkibiy bo‘linmalar tomonidan o‘rganilib, natijasi haqida murojaat egalariga tegishli tartibda javob berilgan.
Bank tomonidan korrupsiyaga qarshi kurash borasidagi ishlar tizimli ravishda davom ettirilishi alohida ta’kidlandi.
O‘zA
Reklama huquqi asosida