Boks: Lazizbek Mullajonov g‘alabaga erishdi

205

Poytaxtimizdagi “Yunusobod“ sport majmuasida o‘tkazilgan yilning ilk yirik professional boks musobaqasida “Parij-2024” Olimpiadasi g‘olibi Lazizbek Mullajonov g‘alabaga erishdi.

O‘zbekiston professional boks federatsiyasi, “Lift” promouterlik kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan boks oqshomida 10 ta jang bo‘lib o‘tdi.

Shiddatli kechgan boks kechasining markaziy jangida “Parij-2024” Olimpiadasi chempioni Lazizbek Mullajonov ilk raundlardayoq Ruslan Miraimovdan ustunligini namoyish etdi.

O‘tkazilgan janglarda shuningdek, bir kun avval mamlakat chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritgan Mujibullo Tursunov Shahobiddin Jo‘raxonovni texnik nokautga uchratgan bo‘lsa, Bekzodbek Isadullayev Doston Qodirovdan, Ibrohim Abdullayev Kamronbek Dilbarovdan ustun keldi.

Boks oqshomida Siddiq Zaripov shiddatli kechgan jangda muddatidan avval Rustam Ergashevni taslim etdi.

T.Ro‘ziyev,

O‘zA