Meta Trampga 25 million dollar to‘laydi

183

AQSH Prezidenti Donald Tramp Meta (“Facebook”) va “Instagram” egasi Mark Sukerberg bilan eski xusumat bo‘yicha qonuniy kelishib oldi. Bu haqda BBC nashri xabar berdi.

Tramp 2021 yil 6 yanvar kuni Kapitoliy maydonida yuz bergan tartibsizlikdan keyin uning sahifalarini cheklab qo‘ygani uchun ijtimoiy media giganti bosh ijrochi direktorini sudga bergan edi.

Taxminan 22 million dollar Prezident kutubxonasi jamg‘armasiga o‘tkaziladi. Sud xarajati va da’voga imzo chekkan boshqa da’vogarlarni “rozi qilish” uchun ham muayyan mablag‘ ajratiladi.

Ko‘p yildan beri janob Sukerberg va Feysbukni keskin tanqid qilib keladigan Amerika rahbari 2017 yil platformani “Trampga qarshi” deb atagan. Ularning munosabati tegishli akkauntlar taqiqlangandan keyin yanada yomonlashdi. Yetakchi 2024 yil martda “Facebook”ni “xalq dushmani” deb atadi. Iyul oyida Meta prezident saylovi arafasida Trampning “Facebook” va “Instagram”dagi yakuniy cheklovlarini bekor qildi. Ayni harakat juda sovib ketgan o‘zaro munosabatlar biroz iligani dalili sifatida qabul qilindi.

Musulmon Ziyo, O‘zA