Xitoyda Yangi yil bayrami boshlandi

381

Sharq xalqlari qamariy taqvimiga ko‘ra, bugun Yangi yilning birinchi kuni.

Sharqiy Osiyo mamlakatlari, xususan Xitoyda katta bayram sifatida nishonlanadigan yil boshlanishi bahor bayrami hisoblanadi.

Chin xalqi tarixidagi eng qadimiy, mazmunan boy va nufuzli an’anaviy bu ayyom bir necha ming yildan buyon nishonlab kelinadi. Xitoy burji taqvimiga ko‘ra, 2025 yil ramzi – ilon. Ilon qo‘rquv va shafqatsizlik timsoli bo‘lsa-da, odamlar tushkun kayfiyatda emas.

Zero, XXR madaniyatida ilon kuch-qudratni anglatadigan sevimli ajdahoga mengzaladi. Ya’ni, ilon yilini “Kichik ajdaho yili” deb ham atashadi.

An’ana va marosimlarga boy “Bahor bayrami” festivali Xitoy sivilizatsiyasi tarixi, madaniy merosi va mohiyatini uyg‘unlashtirgan.

Odamlar eski yil bilan xayrlashayotib, bir necha kun oldinroq Yangi yilga tayyorgarlik ko‘ra boshlaydi: sovg‘alar sotib olishadi, bayram ramzini aks ettiruvchi esdalik buyumlar tayyorlashadi. Uy, ko‘cha va maydonlar, istirohat bog‘lari qizil qog‘oz chiroqlar bilan bezatilib, eshik, derazalar qizil alvon rangga bo‘yaladi. Bayramda qip-qizil kiyinish ham muvaffaqiyat eshigini ochadi, deya ishoniladi.

Bu yil ham bahor ayyomi munosabati bilan mamlakat bo‘ylab bayram, tantanalar tashkil etilgan. Marosimlarda tarix, madaniyat va falsafa sahna ko‘rinishi, an’anaviy musiqa va raqs orqali namoyish etiladi. Bu yilgi ayyom alohida ahamiyatga ega, chunki Xitoy Yangi yili YUNESKO nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgandan keyin ilk bor nishonlanmoqda.

Bahor bayrami 15 kun davom etadi, shu kunlari taqdim etiladigan taom o‘ziga xos ma’noga ega. Odatga ko‘ra, bayram dasturxonida bo‘sh joy bo‘lmasligi kerak. Asosiy taomi xitoycha chuchvara hisoblanadi. Buning sababi shundaki, Yangi yil arafasida pichoq ishlatib bo‘lmaydi. Mahalliy e’tiqodga ko‘ra, pichoq ishlatganlar o‘zlari bilmagan holda o‘z baxtiga zarar yetkazishi mumkin ekan.

Xitoyliklar bayramda butun oila bilan dasturxon atrofida to‘planishni afzal ko‘radilar.

Xitoy Yangi yili dunyodagi eng tig‘iz ichki sayohat davri hisoblanadi.

Hukumat tahliliga ko‘ra, bayram kunlari mamlakat jamoat va xususiy transportida qariyb 9 milliard sayohat ro‘yxatga olinadi. Ya’ni, shu kunlari jamoat transportiga talab keskin ortadi. Bayram sayohati davri Yangi yildan 15 kun oldin boshlanadi va taxminan 40 kun davom etadi.

E’tiborli jihati, Xitoyda rasmiy ta’til 8 kun bo‘lsa-da, xususiy sektor deyarli bir oy dam oladi. Oyning yangi yili Sharqiy Osiyoning boshqa mamlakatlari, jumladan Yaponiya, Koreya, Vetnam va Singapurda ham keng nishonlanadi. Bayram oqshomida an’anaviy ravishda Xitoy markaziy televideniyesi (CCTV) tomonidan gala-konsert tashkil qilinadi. 1983 yildan buyon muntazam o‘tkazib kelinayotgan, taniqli san’atkorlar, xorijdan taklif etilgan mehmonlar ishtirok etadigan mazkur dastur dunyo bo‘ylab eng ko‘p tomoshabin ko‘radigan ko‘rsatuvdir.

Go‘zal Sattorova, O‘zA