Har bir mahallada “drayver” loyihalar ishga tushiriladi

210

Mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan keng qamrovli hayotbaxsh islohotlar “Inson qadri ulug‘” tamoyiliga asoslangan bo‘lib, yangilanish va o‘zgarishlar samarasi endilikda har bir oila, inson hayoti misolida yaqqol namoyon bo‘layotgani behad quvonarlidir. Bu borada davlatimiz rahbari tomonidan imzolanayotgan farmon va qarorlar, davlat dasturlari ijrosi doirasida islohotlarga daxldorlik tuyg‘usi eng quyi tizim – mahallagacha kirib borishi ta’minlandi.

Prezidentimizning joriy yil 17 yanvardagi “2025 yilda aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ayni yo‘nalishdagi islohotlarni yanada yuksaltirishni nazarda tutadi.

Qarorga ko‘ra, bu yil mamlakatimizda 5,2 million nafar aholining doimiy bandligini ta’minlash maqsad qilingan. Xususan, har bir mahallada mikroloyihalar amalga oshirilib, “drayver” loyihalar ishga tushiriladi.

Prezidentimizning topshiriqlari asosida mamlakatimiz bo‘ylab har bir oila tomorqasiga ekish uchun limon, uzum ko‘chatlari yetkazib beriladi. Shu tarzda aholi xonadonlarida doimiy daromad manbai, sog‘lom hayot kechirish uchun barcha qulaylik muhayyo etilmoqda.

Shuningdek, aholiga yer maydonlarini ijaraga berish, “kompaniya – kooperativ – dehqon xo‘jaligi” tamoyili asosida kooperativlar tashkil etish ham ko‘zda tutilgan. Ayni jarayonda O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi hamda uning hududiy bo‘limlari tomonidan aholi tomorqasidan samarali foydalanishni tashkil etish va tizimli ravishda fermer va dehqon xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash ishlariga kirishildi.

Qarorning yana muhim jihatlaridan biri shundaki, joriy yilning 1 aprelidan 2028 yilning 1 yanvariga qadar yangi tashkil etiladigan qishloq xo‘jaligi va dorivor o‘simliklarini yetishtirish hamda qayta ishlash kooperativlari uchun ijtimoiy soliq va ishga qabul qilingan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i stavkalari 1 foiz etib belgilanadi.

Aytish joiz, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tomonidan dorivor o‘simliklarni madaniy holda yetishtirish, qayta ishlash va xalq tabobatida samarali foydalanish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olingan. Kengash tasarrufidagi Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida joylashgan ilmiy markazda tashkil etilgan 10 sotixli issiqxonaning 5 sotixida lavanda, aloe, moychechak, zubturum kabi 50 turga yaqin dorivor o‘simliklar parvarishlanmoqda.

Markazda o‘tkaziladigan ilmiy-amaliy, hududlarda tashkil etiladigan o‘quv- seminarlarda dorivor o‘simliklarni parvarishlash, ko‘paytirish borasida tinglovchilar, tomorqa egalarining bilim hamda ko‘nikmasi oshirilayotir. Ekib ko‘paytirish uchun dorivor o‘simliklar ko‘chatlari berilib, xonadonlarda yuzma-yuz muloqotlar o‘tkazilmoqda.

Qashqadaryo viloyatidagi o‘rganishlar natijasida vohada dorivor o‘simlik ekmaydigan xonadonning o‘zi yo‘qligiga ishonch hosil qildik. Xonadonidagi mo‘’jazgina joyda rayhon, yalpiz, aloe, yer noki ekilib, turli kasalliklarni tabiiy usulda davolashda foydalanilayotir.

Qamashi tumanida deyarli har bir xonadon hovlisida gulxayri bor. Tumanda tajribali tadbirkor tomonidan faoliyati yo‘lga qo‘yilgan kooperatsiya orqali ushbu dorivor o‘simlik to‘liq yig‘ib olinadi va xorijga eksport qilinadi. Dehqonobod tumanida esa aholi xonadonlaridagi tomorqa yerlarida kovrak yetishtirish foydali va daromadli ekin sanaladi. Boisi kovrak o‘simligi parvarishida mahalliy iqlim sharoiti juda ham qulay hisoblanadi.

Farg‘ona viloyatining tabiati fusunkor So‘x tumanida za’faron yetishtirish, Qo‘qon shahridagi “Mehrigiyo” korxonasida o‘nlab turdagi dorivor o‘simliklar parvarishlash, har yili Lavanda festivali o‘tkazish, ekoturizm bo‘yicha erishilayotgan yutuqlar ham e’tiborga loyiq.

Umuman olganda, jonajon O‘zbekistonimizning har qarich yerida dorivor o‘simliklar uchraydi. Keyingi yillarda zamonaviy tibbiyot ilmi bilan birga milliy qadriyatlarimiz sirasiga kiruvchi xalq tabobatining ravnaq-rivoji uchun ham qulay muhit yaratilgani mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada takomillashtirish imkonini berayotir. Shu ma’noda aytganda, davlatimiz rahbarining yuqoridagi qarori bu boradagi ishlar ko‘lamini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilishi, shubhasiz.

Muxtasar aytganda, ushbu qaror mazmun-mohiyatiga ko‘ra, yurtimizda har bir oila bandligi va farovonligini ta’minlash, sog‘lom hayot kechirishi, dorivor o‘simliklar yordamida kasalliklarni erta profilaktika qilish, bu borada hayotga tatbiq etilayotgan ezgu tashabbuslar ijrosi izchilligiga erishish, mushtarak maqsadlar yo‘lidagi sa’y-harakatlarni o‘zaro uyg‘unlashtirishga qaratilgani bilan e’tiborga sazovordir.

Ayni paytda O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, uning hududiy bo‘limlari mutaxassislari tomonidan joylarda doimiy ravishda tushuntirish-targ‘ibot ishlari tashkil etilib, qaror ijrosini ta’minlash bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad esa qarorda belgilangan ustuvor vazifalar doirasida har bir qarich tomorqa yeridan unumli foydalanish orqali aholi bandligi, oilalar farovonligini ta’minlashga qaratilgan.

Xursanoy Islomova,

O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va

tomorqa yer egalari kengashi bo‘lim boshlig‘i.

O‘zA