Chorvachilik sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha xalqaro forum (+video)

Poytaxtimizda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda qator xorijiy va mahalliy tashkilotlar hamkorligida “Tabiiy resurslar va chorvachilik” mavzuida xalqaro forum bo‘lib o‘tdi.
Forum doirasida “Hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi. Xalqaro miqyosda bilim va tajriba almashish, sohada barqaror va ekologik toza amaliyotlarni rivojlantirish, bu borada yangi bilim va ko‘nikmalarni qo‘llash borasida fikr almashildi.
O‘z navbatida, forumda ekspertlar so‘zga chiqib, olib borilayotgan tadqiqotlar va amaliy ishlanmalar, sohaga oid yangiliklar va afzalliklar xususida ma’lumotlar berishdi.
Xalqaro forumdan maqsad “Hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish to‘g‘risida”gi qonunni muhokama qilish, chorvachilik sohasida xalqaro darajadagi hamkorlikni kengaytirish, sohani zamonaviy bilim va tajribalar asosida rivojlantirish, dunyodagi mavjud oziq-ovqat tanqisligining oldini olish, bu boradagi muhim tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat bo‘ldi.
Gulnoza Boboyeva, Doniyor Yoqubov (video), O‘zA