Partiya yangi takliflarni ilgari surmoqda

192

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Saylovoldi dasturida xalq salomatligi, sog‘liqni saqlash masalasiga birinchi navbatdagi ijtimoiy vazifa, farovon turmush garovi sifatida qaraydi.

Joriy yilda partiya Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a’zolari bir qator normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, ijtimoiy soha rivoji bilan bog‘liq takliflarni ilgari surishga qaratilgan ezgu tashabbuslarni amalga oshirishni maqsad qilgan.

Albatta, bunda ezgu tashabbuslar partiyaning hududiy Kengashlari va mahalliy Kengashlardagi deputatlari bilan yaqin hamkorlikda, soha mutaxassislari ishtirokida amalga oshiriladi. Shular qatorida Orolbo‘yi mintaqasi aholisi uchun o‘sma kasalliklarini oldini olish va barvaqt aniqlash, selektiv skrining – profilaktika xizmatini tashkil etish yuzasidan takliflar tayyorlash masalasi ham katta ahamiyatga ega.

O‘zbekiston “Adolat” SDP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi, xalq deputatlari Nukus shahar Kengashidagi partiya deputatlik guruhi a’zolari yuqoridagi masala yuzasidan takliflar olish maqsadida respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy markazi Qoraqalpog‘iston filialida bo‘lib, soha mutaxassislari bilan uchrashdi. Mavzu yuzasidan ularning fikr-mulohazalari hamda takliflarini o‘rgandi.

Partiya vakillari ushbu tibbiyot muassasasida davolanayotgan bemorlar bilan samimiy suhbatlashdi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri