Ilhom Aliyev: Armanistonga nisbatan hududiy da’vomiz yo‘q
Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Bokuning Armanistonga nisbatan hududiy da’vosi yo‘qligi, lekin Yerevan ozarbayjonliklar uchun o‘z hududi orqali Naxchivon Muxtor Respublikasiga to‘siqsiz o‘tishni ta’minlashi kerakligini aytdi.
– Yana qaytaraman, bizning hududiy da’vomiz yo‘q, – dedi Aliyev transport masalasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda. – Binobarin, Armaniston ham majburiyatini bajarishi shart. Xalqaro miqyosda va jarayon davomida ikki tomonlama aloqaning bir jihatiga doimo e’tibor qaratamiz: Ozarbayjondan Ozarbayjonga to‘siqsiz o‘tish imkoniyati ta’minlanishi zarur. Safar hech qanday tekshiruvsiz, qulay va bepul amalga oshirilishi lozim.
Qardosh respublika asosiy hududini Naxchivon bilan bog‘lash uchun Armanistonning Syunik mintaqasi orqali Zangezur transport yo‘lagi qurilishini talab qilmoqda. Yerevan esa bu g‘oyaga qo‘shilmay, faqat o‘z suvereniteti ostidagi yo‘llarni qo‘shnilar uchun ochib qo‘yishga tayyorligini bildirdi.
2024 yil avgustda Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Moskva Yerevan va Boku o‘rtasida tinchlik shartnomasini imkon qadar tezroq imzolash, muxtor hududga o‘tish-qaytishni Syunik viloyati uzra yo‘lga qo‘yish tarafdori ekanini aytgan.