Giyohvandlik vositalarining yangi turlari va ularni aniqlash usullari bo‘yicha o‘quv-seminar

187

Bojxona qo‘mitasida “Giyohvandlik vositalarining yangi turlari va ularni aniqlash usullari” mavzusida sayyor o‘quv-seminari tashkil etildi.

Unda respublikadagi narkologik vaziyat, yangi turdagi giyohvandlik vositalari, kuchli ta’sir qiluvchi moddalar turlari, ko‘rinishi hamda ularni aniqlash usullari hamda bojxona ko‘rigi jarayonida e’tibor qaratish lozim bo‘lgan jihatlar yuzasidan interaktiv usullarda mashg‘ulot o‘tkazildi.

Ushbu profilaktik tadbirlar shu kunga qadar Toshkent viloyati va shahar bojxona postlarida o‘tkazilgan bo‘lsa, endilikda, mashg‘ulotlarga respublikadagi barcha xodimlar jalb etilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, Bojxona qo‘mitasi va uning hududiy bojxona boshqarmalari tezkor tuzilmalari tomonidan hamda chegara bojxona postlarida o‘tgan yilda aniqlangan jami 535 ta holatda og‘irligi 1 tonnadan ziyod giyohvandlik vositalari, xususan 570,4 kg va 438 litr narkotik moddalar, tarkibida giyohvandlik moddalari bo‘lgan 14 ming 123 dona tabletka (kapsulalar), 1243 tup giyohvandlik o‘simliklarining noqonuniy aylanmasi va muomalasi oldi olindi. Ashyoviy dalil sifatida olingan giyohvandlik vositalarining 87 foizini tabiiy turdagi, 13 foizini esa sintetik turdagi narkotiklar tashkil etadi.

Tahlillarga ko‘ra, O‘zbekistonga yangi turdagi psixofaol (alfa-PVP, amfetamin, metamfetamin, mefedron) sintetik narkotik vositalar kirib kelishi tendensiyasi oshgan. Jumladan, suyuq holatdagi 438 litr giyohvandlik vositalarining 252 litri “metamfetamin” va 186 litri esa “amfetamin” sintetik giyohvandlik vositalari. 2024 yil davomida giyohvand moddalarni O‘zbekiston Respublikasiga 13 ta davlatdan kontrabanda yo‘li bilan olib kirishga bo‘lgan urinishlarga chek qo‘yildi. 2024 yilda Qozog‘iston va Rossiya bojxona xizmatlari bilan hamkorlikda 7 marotaba tezkor tadbirlar o‘tkazilib, 32 nafar narkojinoyatchi va 19,2 kg “sintetik” giyohvandlik moddalari ushlab qolingan. Ashyoviy dalil sifatida olingan tabletkalardan 96 foizining tarkibida O‘zbekiston Respublikasida muomalasi cheklangan “tapentadol” giyohvandlik moddasi bo‘lgan “Tawon Liar” nomli biologik faol qo‘shimchasi aniqlangan.

Yana bir ma’lumot, respublikamiz bojxonachilari 2024 yilda aniqlangan 553,6 ming donadan ziyod tabletka ko‘rinishidagi, shuningdek, 16,3 kg.dan ziyod og‘irlikdagi hamda 90 dona ampula ko‘rinishidagi psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yishdi.

Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 4 oktyabrdagi 632-son qarori bilan  “O‘zbekiston Respublikasida alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar muomalasini tartibga solish to‘g‘risida”gi Nizom tasdiqlandi.

Hujjatga muvofiq, qonunchilikda alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar tushunchasi kiritildi. Alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni saqlash, berish, sotish, taqsimlash, hisobga olish, yo‘q qilish hamda O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish, olib chiqish va tranzit o‘tkazish tartiblari belgilandi.

Xususan, tarkibida sibutramin, shuningdek, uning o‘xshash psixoaktiv ta’sirga ega bo‘lgan uning strukturaviy analoglari 2025 yil 1 yanvardan faqat giyohvandlik vositalari va/yoki psixotrop moddalarni saqlash va sotish faoliyati uchun litsenziyaga ega bo‘lgan dorixonalar va ijtimoiy dorixonalar orqali ulgurji va chakana realizatsiya qilinadi (sotiladi).

Asosan ijtimoiy tarmoqlarda eng ko‘p targ‘ib qilinayotgan ozdiruvchi qahvalar tarkibida uchrayotgan “Sibutramin” moddasining hattoki 0,5 grammi ko‘p miqdor sifatida jinoiy harakatni tasniflashga yetarli.

Eslatib o‘tamiz, kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritganlik, shuningdek, tarkibida bunday moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzganlik uchun qonunchiligimizda ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilangan.

Sh.Mamaturopova,  

O‘zA