O‘zbekistonda ishbilarmonlik faolligi indeksining mo‘’tadil ortishi kuzatilmoqda

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan baholangan Ishbilarmonlik faolligi indeksi (IFI) 2024 yil davomida mo‘tadil o‘zgarish xususiyatiga ega bo‘lib, yillik o‘rtacha 1063 birlikni (6,3 foiz) tashkil etdi. Bu esa O‘zbekistondagi ishbilarmonlik faolligi ijobiy ekanligini anglatadi.
2024 yilning dekabr oyida IFI 1029 birlikni tashkil etib, noyabr oyiga nisbatan 2,9 foizga hamda o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 12,4 foizga sezilarli oshgan. Hududlar kesimida Qashqadaryo viloyatida eng yuqori o‘sish sur’ati qayd etilgan.
Ushbu davrda banklararo to‘lov operatsiyalari soni 6 370,2 mingtani tashkil etdi va 2024 yilning noyabr oyiga nisbatan 456,4 ming tranzaksiyaga (7,7 foiz) oshgan. Banklararo to‘lov operatsiyalari soni o‘tgan oyga nisbatan barcha hududda oshgan.
IFIning birja komponenti 1,0350 birlikni tashkil etdi. Bu esa, ushbu komponentning o‘tgan oyga nisbatan 3,5 foizga oshganini anglatib, har bir bitim bo‘yicha sotib olingan tovarlarning o‘rtacha hajmi 10,6 foizga oshgani va tuzilgan bitimlar soni 3,6 foizga kamaygani bilan izohlanadi.
Respublika tovar-xom ashyo birjasida tovarlar savdosining umumiy aylanmasi hajmi 2024 yil dekabr oyida 6 277,7 mlrd. so‘mni tashkil etib, ushbu ko‘rsatkich o‘tgan oyga nisbatan 2 foizga kamaygan.
Faoliyat yuritayotgan xo‘jalik sub’ektlari bo‘yicha komponent 0,9363 birlikni tashkil etib, o‘tgan oyga nisbatan 6,4 foizga kamaygan. Bundan tashqari ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 7,8 foizga mo‘’tadil darajada kamaygan. Barcha turdagi faoliyat yuritayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar soni o‘tgan oyga (494 984 birlik) nisbatan 41 439 birlikka kamayib, 453 545 birlikni tashkil etgan. Yirik tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi korxonalar soni 99 taga, kichik korxonalar soni 400 870 tadan 358 116 taga kamaygan. Shuningdek, fermer xo‘jaliklari soni 90 338 tadan 91 752 tagacha oshgan.
2024 yil dekabr oyida savdo belgilari muhofazasi bo‘yicha indeks 1,0750 birlikni tashkil etib, ushbu ko‘rsatkich 2024 yilning noyabr oyiga nisbatan 7,5 foizga ortgan. Yuridik shaxslar tomonidan 516 ta tovar belgilari va tovar nomlari ro‘yxatga olingan.
O‘zA