“Tata Steel Chess-2025”: 10-tur ostonasida Nodirbek Abdusattorov 2-o‘rinni band etgan

319

Niderlandiyaning Veyk-an-Zeye shahrida davom etayotgan “Tata Steel Chess-2025” turnirining 9-turida Nodirbek Abdusattorov qora donalarda AQSH vakili Fabiano Karuana bilan durangga erishdi.

Chempionlikka asosiy nomzodlardan biri hindistonlik Dommaraju Gukesh oq donalarda hamyurti Leon Lyuk Mendonkadan ustun keldi. 3-o‘rinda borayotgan Rameshbabu Praggnanandxa niderlandiyalik Anish Giriga imkoniyatni boy berib qo‘ydi. 5 ochko bilan keyingi pog‘onada joylashgan asli rossiyalik hozirda Sloveniya sharafini himoya qilayotgan Vladimir Fedoseyev hind vakili Pentala Xarikrishnani yengdi.

Aynan ushbu natijalardan keyin Dommaraju Gukesh 6,5 ochko bilan yakka peshqadamga aylanib oldi. 6 ochkoga ega Nodirbek Abdusattorov va Vladimir Fedoseyev 2- va 3-o‘rinni band etib turibdi. Keyingi pog‘onani band etgan Praggnanandxa hisobida 5,5 ochko mavjud.

“Chellenjer” guruhidagi “jang”lar ham murosasiz tarzda davom etmoqda. Hamyurtimiz Nodirbek Yoqubboyev kecha o‘tgan 9-tur bahsida niderlandiyalik Ervin L’ami bilan durang o‘ynadi.

Bugun, 29 yanvar kuni xalqaro turnirning 10-tur o‘yinlari tashkil etiladi. Unda Nodirbek Abdusattorov oq donalarda 5 ochkoga ega serbiyalik Aleksey Sarana bilan kuch sinashadi.

Shuningdek, ushbu turda Maks Varmerdam- Dommaraju Gukesh, Praggnanandxa – Vladimir Fedoseyev, Arjun Erigaisi – Vinsent Kaymer, Pentala Xarikrishna-Fabiano Karuana, Leon Lyuk Mendonka – Anish Giri, Vey I – Yorden van Forest o‘rtasidagi o‘yinlar bo‘lib o‘tadi.

T.Ro‘ziyev,

O‘zA