“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida O‘zbekistonda tashqi va ichki turizmni rivojlantirish uchun keng sharoitlar yaratish orqali sayyohlar sonini oshirish vazifasi qo‘yilgan.

O‘zbekistonga xorijiy turistlarni yanada ko‘proq jalb qilish maqsadida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, viza rejimi soddalashtirildi, yangi yo‘nalishlar ishlab chiqildi, soha bilan bog‘liq loyihalarga investitsiya kiritildi,  yirik tadbirlar tashkil etildi.

O‘tgan 2024 yilning o‘zida AQSHdan O‘zbekistonga 30 ming 672 nafar turist tashrif buyurgan. Bu ko‘rsatkich 2023 yil bilan solishtirilganda 7 ming 720 nafarga oshgan.

2024 yilda AQSHdan O‘zbekistonga kelgan fuqarolarning 24 ming 545 nafari sayohat, 2  ming 861 nafari xizmat yuzasidan, 2 ming  517 nafari qarindoshlarni yo‘qlash, 397 nafari tijorat, 340 nafari o‘qish va 12 nafari davolanish maqsadida kelgan.

Ma’lumot o‘rnida qayd etish lozimki, O‘zbekistonga 2024 yilda jami 8,2 million nafar chet el fuqarolari turistik maqsadlarda tashrif buyurgan.

Muhayyo Toshqorayeva,

O‘zA