Deputat taxiatoshlik saylovchilar bilan uchrashdi

Ayni kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari o‘z saylov okruglarida bo‘lib, aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Guljan Xalmuratova “Nayman” ovul fuqarolar yig‘inida taxiatoshlik saylovchilar bilan uchrashdi.
Dastavval, deputat tomonidan yig‘ilganlarga mamlakatimizda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan tub islohotlar, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi va 2025 yil “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturida belgilab berilgan ustuvor vazifalar, qonunchilikdagi yangiliklar, qabul qilinayotgan qonunlar, farmon va qarorlarning mazmun-mohiyati bo‘yicha batafsil ma’lumot berildi.
Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda aholining turmush darajasini yaxshilash, iste’molchilarga suyultirilgan gaz ballonlari, elektr energiyasi, toza ichimlik suvi va oqova suv bilan ta’minlash bo‘yicha bir qator fikrlar bildirilib, aholini qiynab kelayotgan muammolar tinglandi. Muloqotlar davomida fuqarolar tomonidan ko‘tarilgan aksariyat masalalar joyida hal qilingan bo‘lsa, muddat talab etadigan murojaatlar deputat tomonidan nazoratga olindi.
– Ko‘p yillardan buyon tumandagi “Nayman” ovul fuqarolar yig‘inida istiqomat qilaman, – deydi Dilbar Jumatayeva. – Ko‘chamizga qum shag‘al aralashmasi yotqizilgan. Lekin, ishlar chala qolgan. O‘nga yaqin xonadon oldi yog‘ingarchilikda loydan o‘tib bo‘lmas darajaga keladi. Farzandlarimiz maktabga, o‘zimiz ishga borishga qiynalib qolamiz.
Fuqaro muammosini tinglagach, deputat shu yerning o‘zida tegishli tashkilot vakillari bilan gaplashdi va murojaat ijobiy yechim topdi.
Deputat mazkur mahalla hududidagi oilaviy poliklinikada ham bo‘lib, muassasa faoliyati bilan tanishdi.
Ma’lumki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda “Tibbiyotdagi islohotlar inson qadri uchun!” degan g‘oya ostida keng ko‘lamli islohotlar, aholi salomatligini mustahkamlash, tibbiyot muassasalarni xavfsiz va sifatli dori-darmonlar, tibbiy buyumlar bilan ta’minlash, sohaga raqamlashtirishni joriy etish bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ana shunday islohotlarning ijrosi yuzasidan o‘rganish ishlarini olib borish va sohada aniqlangan muammolarga yechim topish maqsadida tibbiyot xodimlarining taklif va murojaatlari tinglandi.
Mamlakatimizda har yili tibbiyot sohasining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, soha xodimlariga qulay sharoitlar yaratish masalalariga yuksak e’tibor qaratilib kelinmoqda. Lekin, tumandagi yetti ming nafardan oshiq aholiga xizmat ko‘rsatadigan poliklinikada rentgen apparati yo‘qligi achinarli. Mazkur masalani ijobiy hal etish yuzasidan tegishli tashkilotlar bilan kelishildi va ijrosi nazoratga olindi.
Deputat mahalladagi kam ta’minlangan oilalar, ular uchun subsidiya asosida qurilayotgan va yaqinda foydalanishga topshirish rejalashtirilayotgan ijtimoiy ob’ektlar bilan ham tanishdi. Bu kabi uchrashuvlar aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish, ularning muammo va takliflarini o‘rganish imkonini beradi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA