Futbol: Eldor Shomurodov “Roma”da qoladi

219

Italiya chempionatining 22-turidan o‘rin olgan “Udineze” – “Roma” uchrashuvida ikkinchi bo‘limda maydonga tushgan Eldor Shomurodov rimliklarning g‘alabasiga munosib hissa qo‘shishi ortidan kelgusi faoliyatidagi bir qator savollarga ham nuqta qo‘ydi.

Uchrashuvda “Roma” jamoasi 1:2 hisobida zafar quchdi. Rimliklar jamoasi bosh murabbiyi Klaudio Raneri mazkur o‘yindan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumanida bir qator savollarga javob berish asnosida 29 yoshli hamyurtimiz E.Shomurodov masalasiga ham oydinlik kiritdi.

–Shomurodovning transferi haqida gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas, men shu yerda ekanman bu yigitlardan foydalanishda davom etaman. Men uning imkoniyatlarini yaxshi bilaman. Eldor bilan “Kalyari”da ishlaganman. Bu uchrashuvda u maydon ichkarisidan hujumlarni tashkil qilishda jonbozlik ko‘rsatdi. Shomurodovdek professional futbolchi bilan ishlayotganimdan baxtiyorman, – dedi Klaudio Raneri.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori E.Shomurodovga Italiya va Germaniya klublari qiziqish bildirgan edi. “Kalyari”, “Empoli” va “Venetsiya” jamoalari avvalroq uni o‘z safida ko‘rish uchun Rim klubiga murojaat ham qilgan.

T.Ro‘ziyev,

O‘zA