Ekologik ekspertiza jarayonlari takomillashtirilmoqda

152

Senat yalpi majlisida “Ekologik ekspertiza, atrof-muhitga ta’sirni baholash va strategik ekologik baholash to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

– Mamlakatimizda ekologik ekspertizaning hujjatlari salkam 25 yil oldin qabul qilingan “Ekologik ekspertiza to‘g‘risida”gi qonun va boshqa qonun osti hujjatlar asosida amalga oshirilmoqda, – dedi Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Anvar To‘ychiyev. – Bu esa, o‘z navbatida, amaldagi huquqiy hujjatlar tarqoq, qator normalar esa havola xususiyatiga ega ekanini, sohani tartibga solishning xalqaro talablarga mos bo‘lgan huquqiy mexanizmlari joriy etilmaganini ko‘rsatmoqda. Qonunchilikdagi ushbu kamchiliklar bugungi kunning muhim masalalaridan bo‘lgan xalqaro investorlarning yurtimizga kirib kelishiga, mamlakat imijiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Qo‘mita raisining qayd etishicha, mazkur qonun loyihasi bugungi kun talablaridan kelib chiqqan holda tayyorlangan bo‘lib, unda ekologik ekspertizaning atrof-muhitga ta’sirini baholash va strategik ekologik baholashning tushunchalari, maqsadlari, asosiy prinsiplari, maxsus vakolatli davlat organi hamda uning vakolatlari, ekologik ekspertizaning turlari, ob’ektlari, sub’ektlari, ekologik normativlar loyihalarini ishlab chiqish va rasmiylashtirish masalalari aks etgan.

Shuningdek, atrof-muhitga ta’sirni baholashda jamoatchilikning ishtiroki haqidagi normalar ham belgilanmoqda. Strategik loyihalarning atrof-muhitga ta’sirini baholash tizimini  qabul qilingan xalqaro normalarga moslashtirish maqsadida strategik ekologik baholash tizimini joriy etish nazarda tutilmoqda.

Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining 4 ta qonuniga tegishli o‘zgartirishlar kiritish, ayrim normalar o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish nazarda tutilmoqda.

Muhokama davomida senatorlar amaldagi qonun normalarini tizimlashtirish, jarayonlar ketma-ketligini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan mazkur qonun ekologik ekspertiza, atrof-muhitga ta’sirni baholash va strategik ekologik baholash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishini ta’kidladi.

Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Umidjon Qurbonov,  

Nosir Haydarov (surat),

O‘zA