Banklardagi mablag‘lar saqlanishi hamda kafolatlanishi bo‘yicha yangi tizim yaratilmoqda
Mamlakatimizda moliyaviy barqarorlikni ta’minlash, bank sohasida biznesni yuritish uchun raqobat muhitini rivojlantirish, shuningdek, xalqaro standartlarga mos keladigan huquqiy asoslarni yaratish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Bank omonatlarini kafolatlash tizimini takomillashtirish respublika bank-moliya sohasining uzoq muddatli barqarorligini ta’minlashga, uni ilg‘or xorijiy tajriba va xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishga xizmat qiladi.

Bu fikrlar Senat yalpi majlisida “Banklardagi omonatlarni himoyalash kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun muhokamasi jarayonida qayd etildi.
Mazkur masala yuzasidan munosabat bildirgan Senat Raisi T.Norboyeva bank tizimida islohotlarni jadallashtirish, bank xizmatlari bozori hajmini oshirish, sohada raqobatni rivojlantirish «O‘zbekiston — 2030» strategiyasining asosiy maqsadlaridan biri bo‘lib, 2030 yilga qadar bank omonatlari hajmini 4 barobarga oshirish nazarda tutilganini ta’kidladi. Mazkur qonun fuqarolarimizning, omonatchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, aholining bank tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashi barobarida ana shu strategik maqsadga erishishda ham muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev mazkur qonunda kafolatlash hodisasi va ob’ekti, kafolatlangan omonat, kafolatlangan omonatlar bo‘yicha kompensatsiya to‘lash kabi tushunchalar ochib berilganini ta’kidladi.
Qonun bilan banklardagi omonatlarning himoya qilinishini kafolatlash sohasidagi vakolatli organ – Omonatlarni kafolatlash agentligining huquqiy maqomi, huquq va majburiyatlari va uning faoliyat ko‘rsatish tartibi belgilanmoqda.
Shuningdek, kafolatlash hodisasi ro‘y berganda Omonatlarni kafolatlash agentligi tomonidan bir omonatchiga har bir bankda kafolatlash ob’ektining qoldig‘i 200 million so‘m miqdorida yoki undan kam bo‘lsa to‘liq hajmda kompensatsiya to‘lanishi belgilab qo‘yilmoqda.
Majlisda bank tugatilganda omonatchilarga Agentlik tomonidan kompensatsiya to‘lovini amalga oshirish davri bosqichma-bosqich 7 ish kunigacha qisqartirilishi nazarda tutilayotgani qayd etildi. Jumladan, bank tugatilganda kompensatsiya to‘lovi 2025 yil 1 yanvardan boshlab 20 ish kuni, 2026 yil 1 yanvardan 15 ish kuni, 2027 yil 1 yanvardan 7 ish kuni mobaynida amalga oshiriladi.
Bank bankrotlikka uchragan taqdirda, omonatchilar mablag‘larining Agentlik tomonidan qoplab berilishini inobatga olib, omonatchining bankdan talab qilish huquqi Agentlikka o‘tkazilmoqda.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat),
O‘zA