Butunjahon suzish federatsiyasi prezidenti yurtimizga tashrif buyurdi

Osiyo olimpiya kengashi (OOK) Bosh direktori, Butunjahon suzish federatsiyasi (World Aquatics) prezidenti Husayn Al Musallam yurtimizda rasmiy tashrif bilan keldi.
Uni O‘zbekiston sport vaziri Adham Ikromov, OOK vitse-prezidenti, MOQ raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov va Qo‘mita Bosh kotibi Oybek Qosimov qarshi oldi.
Husayn Al Musallam safari davomida Samarqand va Toshkent shaharlarida bo‘lib, qadimiy joylarni ziyorat qilish bilan birga, mamlakatimizda suv sporti turlarini rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

Mamlakat suzish federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda bir qator istiqbolli loyihalar ko‘rib chiqildi. Xususan, suv sporti turlarini mamlakatimiz bo‘ylab yanada ommalashtirish, hududlardagi moddiy-texnik bazani kuchaytirish ustuvor rejalardan ekani qayd etildi.

Qolaversa, Q.Rafiqov respublikamizning ko‘plab viloyatlarida zamonaviy, xalqaro standartlar asosida yangi suzish havzalari qurilgani haqida ma’lumot berdi.
O‘z o‘rnida, rasmiylar davlatimiz rahbarining qo‘llab-quvvatlashi bilan suv sporti turlarining rivoji yangi bosqichga chiqishini bildirdi. Janob Musallam yurtimizda sportga bo‘lgan e’tibor yil sayin ortib borayotganidan xabardor ekani, bu jihat har qanday xalqaro tashkilot rahbarlarini hamkorlikda ishlashga undashini alohida ta’kidladi.

Samimiy ruhda o‘tgan suhbat davomida poytaxtimizda qad rostlayotgan Olimpiya shaharchasidagi suv sportiga ixtisoslashtirilgan ob’ektni eng zamonaviy inventarlar bilan jihozlash, unda xalqaro musobaqalar o‘tkazish, mahalliy mutaxassislarning malakasini oshirish kabi mavzularda fikr almashildi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA