2025 yil davomida xalqaro maydonda qancha kurash musobaqalari o‘tkaziladi?

305

Milliy sportimiz kurashning xalqaro rivojida muhim o‘rin tutadigan turnirlar, chempionatlar mundarijasiga e’tibor qaratilsa, ular orasida Osiyo, Yevropa, Afrika va Pan Amerika mintaqalarida o‘tkaziladigan qit’a chempionatlari alohida o‘rin tutadi.

Shuningdek,  O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun xalqaro turnirlar va kurash bo‘yicha malakali mutaxassislarni, murabbiy va hakamlarni tayyorlashga qaratilgan xalqaro seminarlar  dunyoning bir nechta mamlakatlarida tashkil etilishi nazarda tutilgan.

– Bu yilgi taqvim 40 ga yaqin xalqaro tadbirlarni qamrab olgan bo‘lib, kurash federatsiyalari faoliyat yuritayotgan davlatlarning ichki chempionat va birinchiliklari mazkur ro‘yxatga kiritilsa, umumiy hisobda 2025 yil davomida 200 tadan ziyod kurash tadbirlari bo‘lib o‘tishi kutilmoqda, – deydi Xalqaro kurash assotsiatsiyasi matbuot xizmati rahbari Jamshid Namozov.

Boshlangan yilning yana bir ahamiyatli jihati, Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida Islom birdamlik o‘yinlarida kurash musobaqalarining o‘tkazilishi milliy sportimizning dunyo bo‘ylab keng ommalashishiga xizmat qiladi.

Taqvimga binoan, bu yil Osiyo o‘yinlariga yo‘l dasturi doirasida imtihonlar bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Bu, 2026 yilgi Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlikning muhim bosqichi hisoblanadi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA