“Rektor va yoshlar” uchrashuvi o‘tkazildi

172

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida “Rektor va yoshlar” mavzusida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tadbirning asosiy maqsadi talaba-yoshlarning muammo va takliflarini eshitish, ularning talab va ehtiyojlarini qondirish, shuningdek, talabalar hayotidagi dolzarb masalalarni muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.

Uchrashuv oldidan ishtirokchilarga oliy o‘quv yurti faoliyati, talaba-yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi tadbirlar haqida videorolik namoyish etildi. Universitet rektori, akademik Ahmed Reymov so‘zga chiqib, yoshlarning ilm-fan sohasidagi yutuqlari, ijtimoiy hayotdagi faolligi va ularning mamlakat taraqqiyotidagi o‘rniga to‘xtaldi.

Uchrashuv davomida talaba-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildi. Xususan, ta’lim sifatini oshirish, dars jarayonlarini innovatsion texnologiyalar yordamida takomillashtirish, ilmiy loyihalarda ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish, sport va madaniy tadbirlarni ko‘paytirish kabi masalalar muhokama qilindi. Kutubxona fondini kengaytirish, qo‘shimcha to‘garaklar tashkil etish, yangi magistratura mutaxassisliklarini ochish kabi masalalar haqida savol va takliflar bildirildi.

Ayrim masalalar joyida hal etildi, ayrimlari bo‘yicha tegishli bo‘limlarga topshiriq berildi. Xususan, kelgusi o‘quv yilida universitetda yangi talabalar turar joyi foydalanishga topshirilishi, qo‘shimcha sport to‘garaklari va chet tillari kurslarini tashkil etish, kutubxona fondini yangi adabiyotlar bilan boyitish rejalashtirilgani ma’lum qilindi.

Tadbir yakunida rektor A.Reymov talaba-yoshlarni o‘z intilishlari va tashabbuslari bilan mamlakatimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shishga chaqirdi. Mazkur uchrashuv talabalar va rahbarlar o‘rtasida samimiy muloqot muhitini yaratgan holda, kelgusidagi rejalarni belgilab olish uchun muhim minbar bo‘ldi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri