Tramp saylanishi O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta’sir etadimi? (+video)

AQSHni O‘zbekistondan bir necha ming kilometr masofa ajratib tursada, global savdo aloqalari tufayli ushbu mamlakatda sodir bo‘ladigan voqealar, siyosiy jarayonlar dunyo davlatlariga, shu jumladan yurtimiz iqtisodiyotiga ham ta’sir etmay qolmaydi. Aynan, bu ta’sir qaysi sohalar kesimida, qaysi yo‘nalishlar hissasiga to‘g‘ri kelishini iqtisodiy tahlilchilar turlicha bashorat qilishmoqda.
AQSHning yangi saylangan 47 Prezidenti Donald Tramp boshchiligidagi hukumat tomonidan chiqariladigan aktlarning O‘zbekiston iqtisodiyoti, umuman Markaziy Osiyo mamlakatlariga ta’siri borasidagi suhbatimiz Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti professori, iqtisodiyot fanlari doktori Abdurahim Vahobov bilan bo‘ldi.
– Aytingchi, AQSHda hukumat almashganidan so‘ng dunyoda, umuman Markaziy Osiyoda qanday iqtisodiy o‘zgarishlar ro‘y beradi?
– Darhaqiqat, dunyo jamoatchiligi 2025 yil 20 yanvarni intizorlik bilan kutgan edi. Chunki, biz hozir dunyo taraqqiyotining shunday bir bosqichida yashayapmizki, hozirda jahon iqtisodiyoti oldida bir qator savollar, dilemmalar turibdi. Ertaga nima bo‘ladi?
Jahon xo‘jaligi bir qutbli tizimga asoslangan. 2024 yildan boshlab bir qator rivojlanayotgan va o‘tish iqtisodiyotida bo‘lgan mamlakatlar shunday tashabbuslar bilan chiqmoqdaki, “20 asrning 90 yillarida shakllangan bir qutbli dunyo o‘z davrini yashab bo‘ldi, dunyoda kuchlar nisbati o‘zgardi, shu munosabat bilant hozirgi reallikdan kelib chiqqan holda ko‘p qutbli dunyoga o‘tish kerak” degan g‘oyani olg‘a surishmoqda.
Lekin 21 asrning 20 yillaridagi voqealar darhaqiqat dunyodagi kuchlar nisbatini birmuncha o‘zgartirdi. Ya’ni, bir qator rivojlangan mamlakatlarda iqtisodiy retsessiyalar bo‘lib, ularning pozitsiyasi pasaydi, ayrim mamlakatlarda iqtisodiy o‘sish kuzatildi, rivojlanayotgan davlatlarda o‘z navbatida bir qator siyosatchilar “dunyodagi iqtisodiy tartibni o‘zgartirish kerak, endi ko‘p qutbli dunyoga o‘tish kerak” degan g‘oya ilgari surildi.
Lekin, AQSH, Rossiya Federatsiyasida keyingi yillarda chiqqan ularning tashqi siyosat doktrinalarida, konsepsiyalarida turli xil yondoshuvlarni kuzatish mumkin. Jumladan, 2022 yil oktyabrda chiqqan AQSH tashqi siyosat konsepsiyasida dunyodagi kuchlar nisbati va Amerikaning dunyo iqtisodiyotidagi raqibi Xitoy bo‘ladi deyilgan. Lekin shu bilan bir qatorda dunyo iqtisodiyotida yana bir qator mintaqaviy o‘yinchilar ham bo‘ladi. Ular qatoriga Hindistonni, Rossiyani, Braziliyani, Turkiya, Eronni va shunga o‘xshash mamlakatlarni kiritish mumkin, degan g‘oyani olg‘a surishadi.
2023 yil mart oyida o‘z navbatida Rossiyaning tashqi siyosatdagi konsepsiyasi e’lon qilindi.
Sanjar Toshpo‘latov, Doniyor Yakubov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA