YeCHL: “Manchester Siti” va “Bavariya” yutqazdi, “Real” muhim 3 ochkoni qo‘lga kiritdi

181

Kecha tunda futbol bo‘yicha Yevropa chempionlar ligasi 7-turidan o‘rin olgan navbatdagi uchrashuvlar o‘tkazildi. Bahslarda kutilmagan natijalar ham qayd etildi.

Ushbu turda “Bavariya” safarda “Feyenoord” bilan raqobatlashdi. Ushbu uchrashuvning 21-daqiqasida mezbonlar sharafini himoya qilayotgan Ximenes gol urib, hisobni ochgan bo‘lsa, 45+9-daqiqada o‘zi penaltini muvaffaqiyatli yakunladi. Uchrashuvning 89-daqiqasida Ueda mehmonlar darvozasini aniq nishonga oldi va o‘yinga nuqta qo‘ydi. “Feyenoord” – “Bavariya” 3:0. Darvoqe, mazkur uchrashuvda “Feyenoord” posboni Jastin Beylo ajoyib seyvlarni amalga oshirdi.

Shuningdek, bu tun Italiya jamoalari uchun ham omadli bo‘ldi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, “Milan” o‘z maydonida “Jirona” ustidan 1:0 hisobida zafar quchdi. Uchrashuvdagi yagona golga Leau mualliflik qildi. “Inter” esa safarda “Sparta Praga”ni Martinesning yagona goli evaziga mag‘lub etdi.

Madrid shahrining “Real” jamoasi bu turda “Zalsburg”ni mehmon qildi. “Qirollik klubi” raqib darvozasiga 5 ta gol urib, bitta gol o‘tkazib yubordi. Uchrashuv davomida “Real” safida Vinisius va Rodrigo dubl qayd etgan bo‘lsa, Mbappe bitta golga mualliflik qildi. Mehmonlarning yagona golini 85-daqiqada Mads kiritdi.

“Arsenal” esa bu turda “Dinamo Zagreb”ni 3:0 hisobida taslim qildi. Londonda o‘tkazilgan bahsning ikkinchi daqiqasidayoq Rays hisobni ochdi, 66-daqiqada Havers, 90-daqiqada esa Edegor gol urdi. “PSJ” esa o‘z maydonida “Manchester Siti”ni 4:2 hisobida taslim etdi. “MS” uchrashuvning 50- va 53-daqiqalarida Grilish va Holand tomonidan kiritilgan gollar evaziga oldinda borayotgan edi. Biroq parijliklar kambek amalga oshirib, Dembele, Barkolya, Nevesh va Ramushning gollari evaziga g‘alabani ilib ketdi.

Shuningdek, 7-turda “RB Leypsig” – “Sporting” 2:1, “Shaxtyor Donetsk” – “Brest” 2:0, “Seltik” – “Yang Boyz” 1:0 natijalari qayd etildi.

Yevropa chempionlar ligasining 7-tur uchrashuvlaridan so‘ng “Liverpul” 21 ochko bilan hamon yetakchi bo‘lib turgan bo‘lsa, “Barselona” 18 ochko jamg‘arib, ikkinchi o‘rinda bormoqda. Bu jamoalar muddatidan avval pley-offga yo‘l oldi. Jadvalning uchinchi pog‘onasida “Arsenal” 16 ochko bilan bormoqda. Biroq, 4-o‘rinni egallab turgan “Inter”da ham 16 ochko mavjud. “Atletiko Madrid” va “Milan” klublari 15, “Atalanta” 14 va “Bayer” 13 ochko to‘plagan holda kuchli 8 talikni yakunlab berdi.

“Aston Villa”, “Monako”, “Feyenoord”, “Lill”, “Brest” jamoalari bir xil – 13 ochko jamg‘arib, 9-13 o‘rinlarga gollar nisbati bo‘yicha taqsimlangan bo‘lsa, “Borussiya D”, “Bavariya”, “Real”, “Yuventus” hamda “Seltik” klublari bir xil 12 ochko bilan keyingi pog‘onalardan joy olgan.

7-turdan so‘ng 11 ochkoni qo‘lga kiritgan “PSV” va “Bryugge” jamoalari 19-20, “Benfika”, “PSJ”, “Sporting” “Shtutgart” klublari 10 ochko bilan 21-24-o‘rinlarni band etdi. “Manchester Siti” va “Dinamo Zagreb” hisobida 8 ochko mavjud bo‘lib, ular 25-26, “Shaxtyor Donetsk” esa 7 ochko bilan 27-o‘rinda qolmoqda. “Bolonya” 5 va “Sparta Praga” 4 ochko bilan keyingi o‘rinlarda qayd etilgan. “RB Leypsig”, “Jirona”, “Srvana Zvezda”, “Shturm”, “Zalsburg” kabi jamoalar 3 ochko bilan 30-34-o‘rinlarda odimlamoqda. Yetti tur davomida barcha raqiblariga uch ochkodan ulashayotgan “Slovan B”va “Yang Boyz” klublari oxirgi o‘rinlarni band etgan.

Ma’lumot o‘rnida: YeCHLning yangi formatiga ko‘ra, umumiy bosqichda 36 ta jamoa ishtirok etadi. Ulardan eng kuchli sakkizta jamoa nimchorak finalga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma oladi. 9-24 o‘rinlarni egallagan ishtirokchilar pley-off o‘yinida ishtirok etadi. Eng kam ochko to‘plagan 12 ta jamoa musobaqadagi ishtirokini to‘xtatadi.

Yevropa chempionlar ligasining umumiy guruhdagi so‘nggi 8-tur bahslari 30 yanvar kuni bo‘lib o‘tadi.

Javohir Toshxo‘jayev,  

O‘zA