Markaziy bank boshqaruvining 2025 yil 23 yanvardagi yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 13,5 foiz darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

So‘nggi oylarda umumiy inflyatsiya pasayib borishi bilan birga iqtisodiyotdagi inflyatsion omillar turli yo‘nalishlarda shakllanmoqda. Kelgusi choraklarda inflyatsiyaga o‘tgan yilgi energiya narxlari erkinlashtirilishining ta’siri kamayib borishi kutilayotganiga qaramasdan inflyatsion kutilmalar yuqori darajada saqlanib qolayotganligi pul-kredit sharoitlarini nisbatan qat’iy darajada saqlab qolishni taqozo etmoqda.

Qabul qilingan qaror bazaviy inflyatsiya ko‘rsatkichlari va inflyatsiya kutilmalarini barqaror pasayish trendiga qaytarishga va o‘rta muddatli istiqbolda 5 foizlik targetga erishish uchun yetarli sharoit yaratishga qaratilgan.

Umumiy inflyatsiya darajasi 2024 yil oktyabr oyidan pasayish trendiga o‘tib, dekabrda yillik 9,8 foizni tashkil etdi. Ushbu trendga narxlar barqarorlashuvining mustahkamlanayotganining ifodasi sifatida qarash mumkin. 2024 yil yakunida iste’mol savatidagi tovar va xizmatlarning to‘rtdan uch qismida narxlar o‘sishi 2023 yilga nisbatan sekinlashdi.

Ayni paytda, dekabr oyida bazaviy inflyatsiya biroz tezlashib, 7,2 foizgacha oshdi. Bunda xizmatlar va nooziq-ovqat tovarlari bazaviy inflyatsiyasi nisbatan yuqori darajada shakllanayotgani taklif omillari bilan bir qatorda yalpi talab ortishi bilan bog‘liq inflyatsiyani keltirib chiqaruvchi omillar mavjudligini ko‘rsatmoqda.

Iqtisodiyotda 2023-2024 yillardagi iste’mol va investitsion faollikning yuqori darajasi saqlanib qolmoqda. Xususan, ish haqi va transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmining yuqori o‘sishi aholi real daromadlari oshishiga xizmat qildi. Bu esa yuqori iqtisodiy faollik fonida kelgusi oylarda ham yalpi talabni qo‘llab-quvvatlovchi ta’sirga ega bo‘lib, bazaviy inflyatsiyaga oshiruvchi bosim yaratishi mumkin.

2024 yil noyabr-dekabr oylarida mavsumiy xarakterga ega taklif omillarining namoyon bo‘lishi hisobiga aholi va tadbirkorlar inflyatsion kutilmalari darajasida o‘sish qayd etildi.

Kelgusida inflyatsiyaga ushbu ta’sirlarning kamayib borishi, nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlari hamda makroiqtisodiy barqarorlikning ta’minlanishi inflyatsion kutilmalarning pasayishiga yordam beradi.

Yangilangan prognozlarga ko‘ra, 2025 yil yakuniga umumiy inflyatsiya 7-8 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda. Joriy yilning birinchi yarmida 2024 yildagi energiya narxlari erkinlashtirilishining birlamchi ta’siri tugab borishi II chorak yakunida umumiy inflyatsiyaga sezilarli pasaytiruvchi ta’sirga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, 2025 yilda mazkur islohotning navbatdagi bosqichi amalga oshirilishi muddati bir oyga farqlanishi hisobiga aprel oyida umumiy inflyatsiya darajasining vaqtincha oshishi kutilmoqda.

Kelgusida yuqoridagi o‘zgarishlarning bazaviy inflyatsiyaga ikkilamchi ta’sirlari darajasi pul-kredit sharoitlari yo‘nalishlarini belgilovchi muhim omil bo‘ladi.

2025 yilda yuqori iqtisodiy faollik hisobiga yalpi ichki mahsulot o‘sishi tendensiyasi davom etib, yil yakunida 6 foiz atrofida shakllanishi prognoz qilinmoqda. Bunda xususiy investitsiyalar ortishi iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlovchi omil bo‘lib, tovar va xizmatlar taklifining ortishiga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, kelgusi choraklarda jahon bozorida ayrim oziq-ovqat mahsulotlarining narxi o‘sishi bo‘yicha xatarlar import narxlari orqali inflyatsiyaga oshiruvchi ta’sirga ega bo‘lishi mumkin.

Pul bozoridagi foiz stavkalari va davlat qimmatli qog‘ozlari bo‘yicha daromadlilik ko‘rsatkichlari joriy pul-kredit sharoitlarining nisbatan qat’iyligini ko‘rsatmoqda. Iqtisodiyotdagi real foiz stavkalari aholining jamg‘arishga moyilligini kuchaytirmoqda.

Pul-kredit sharoitlari qat’iylik darajasi saqlab qolinishi natijasida kelgusida ham kreditlash hajmining o‘sishi mo‘tadil bo‘lishi va depozitlarning yuqori o‘sish sur’atlari davom etishi yalpi talabni muvozanatlashtiruvchi va monetar omillarning inflyatsiyaga ta’sirini kamaytiruvchi xususiyatga ega bo‘ladi.

Yuqorida keltirilgan omillarni hisobga olib, o‘rta muddatli istiqbolda narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani o‘zgarishsiz, 13,5 foiz darajasida qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

O‘rta muddatli istiqbolda Markaziy bank inflyatsiyaning 5 foizlik targetigacha barqaror pasayib borishi uchun pul-kredit sharoitlarining yetarli darajada qat’iy shakllanishini ta’minlab boradi.

Iqtisodiyotdagi yalpi talab va narxlarga oshiruvchi bosimlar kelgusi choraklarda kutilganidan ko‘ra kuchayishi bo‘yicha ehtimollar va asoslar yuzaga kelgan taqdirda pul-kredit sharoitlari qat’iyligi qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.

Shahnoza Mamaturopova,  

O‘zA