
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov va USPning PQM+ dasturi vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Agentlik matbuot xizmati xabar berdi.
PQM+ (Pharmaceutical Quality Management Plus) dasturi jahon miqyosida farmatsevtika sanoatining sifatini oshirish, uning reglamentatsiyasini kuchaytirish va sohada global standartlarga mos keladigan yondashuvlarni ilgari surishga qaratilgan muhim tashabbusdir. O‘zbekiston bilan PQM+ dasturi o‘rtasidagi hamkorlik doirasida bir nechta loyihalar amalga oshirilmoqda.
Uchrashuvda, Agentlik direktori va PQM+ dasturi vakillari hozirgi kunda amalga oshirilayotgan loyihalar haqida so‘z yuritdi. Har ikki tomon joriy ishlarning natijalari, amalga oshirilgan tashabbuslar va kelajakda erishilishi kerak bo‘lgan maqsadlar haqida o‘zaro fikr almashdi. PQM+ dasturining texnik ekspertlari O‘zbekistonning farmatsevtika sohasidagi reglamentatsion holatini yaxshilash va uni global standartlarga moslashtirish borasida bir nechta takliflar bildirdi.

Shuningdek, shartnoma asosida ishlab chiqarish (contract manufacturing) sohasida mavjud holatni tahlil qilib, shu yo‘nalishni yanada samarali va tartibga solingan tarzda rivojlantirish uchun tavsiyalar berdi. Ekspertlar O‘zbekistonning farmatsevtika kompaniyalariga xorijiy hamkorlar bilan shartnoma asosida ishlab chiqarishni amalga oshirishda yanada shaffof va tartibli tizim yaratishni taklif etdi.
Bundan tashqari, PQM+ dasturi vakillari Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining GBT (Global Benchmarking Tools) tizimi bo‘yicha O‘zbekistonning holatini baholab, undan samarali foydalanish orqali farmatsevtika ishlab chiqarish tizimini yaxshilash imkoniyatlari haqida so‘z yuritdi.
GBT dunyo bo‘ylab farmatsevtika tizimlarini solishtirish va ularga global standartlarga moslashtirish uchun samarali vosita hisoblanadi va uning yordamida O‘zbekiston farmatsevtika sektori sifatini yanada oshirishi mumkin.
Shuningdek, PQM+ dasturi vakillari, faqat tayyor farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish emas, balki faol dorivor moddalar (API) ishlab chiqarish sohasini ham rivojlantirishga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida, ikki tomon hamkorlikni yanada mustahkamlash, qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish va farmatsevtika sohasida samarali o‘zgarishlarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
M.Qosimova, O‘zA