“Faxriy donor”ga BHMning 15 baravari miqdorida rag‘batlantirishlar beriladi (+video)

Qonun loyihasiga sharh
Mamlakatimizda aholi orasida beg‘araz donorlik madaniyatini shakllantirish, donorlik harakatini keng jamoatchilik ishtirokida rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Qon donorlariga sifatli xizmat ko‘rsatish va ular uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, qon bilan ishlash xizmati muassasalarini yuqori texnologik uskunalar bilan jihozlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, qon va qon preparatlarini ishlab chiqarishni yanada kuchaytirish maqsadida donorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga taqdim etiladigan imtiyozlarni qonun darajasida mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu maqsadda ishlab chiqilgan qonun loyihasi bilan “O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarga bir qator imtiyoz hamda yengilliklar berilmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Gulnora Abduvohidova batafsil gapirib berdi.
Deputatning qayd etishicha, “O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarga ular uchun qulay bo‘lgan vaqtda har yilgi mehnat ta’tiliga chiqish, shahar transportining barcha turlaridan (yo‘nalishli va yo‘nalishsiz taksilardan tashqari), shaharlararo transportlardan bepul foydalanish huquqi berilmoqda.
Shuningdek, sanatoriy-kurortlarda davolanish uchun yo‘llanmalarni navbatsiz olish huquqi nazarda tutilmoqda. Bundan tashqari, ularga bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravari miqdorida rag‘batlantirishlar beriladi.
Muhtarama Komilova, Doniyor Yoqubov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA