AI-80 markadagi benzin yoqilg‘isi xalqaro standartlarga javob bermaydi

196

Bugungi kunda yurtimizda transport vositalarining soni keskin ortib bormoqda. Transport vositalari sonining o‘sishi respublika, ayniqsa Toshkent shahrida atmosfera havosining ifloslanishi, sog‘liqqa bog‘liq muammolarning ko‘payishiga, shuningdek, shaharlarda chang, zararli gazlar va tutun miqdorining ortishi bilan bog‘liq aholi murojaatlarining ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda.

Xalqaro statistik ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo miqyosida atmosfera havosiga tashlanayotgan ifloslantiruvchi moddalarning 59 foizi transport vositalari, 21 foizi sanoat korxonalari, 20 foizi elektr energiyasi ishlab chiqarish hissasiga to‘g‘ri keladi. Ekologik muammolar jiddiy xavfga aylanib ulgurdi. Odamlar havoning kuchli ifloslanishi salomatlikka yomon ta’sir ko‘rsatishidan havotirda.

AI-80 markali benzindan voz kechishimiz kerakligining asosiy sababi uning sifati xalqaro standartlarga javob bermasligidir. Bir qancha rivojlangan davlatlar ushbu benzin markasidan allaqachon voz kechgan. Ayniqsa AI-80 markadagi benzindan foydalanilganda atmosferaga karbonat angidrid, azot oksidlari, oltingugurt dioksidi, uglevodorodlar va PM2.5 ifloslantiruvchi moddalari boshqa turdagi motor yoqilg‘ilariga nisbatan ko‘proq tashlanadi, atmosferada ifloslantiruvchi moddalar va og‘ir metallarning to‘planib qolishiga olib keladi.

Xo‘sh, qanday chora ko‘rish lozim?  

2024 yilning 29 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida  uy-joy va kommunal xo‘jaligi, qurilish, transport va ekologiya sohalaridagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida 2025 yildan AI-80 markali benzindan voz kechish masalasini uzil-kesil hal qilish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriq berilgan edi. Shuningdek, mazkur yig‘ilishda Toshkent shahri jamoat transportini elektr va gazga o‘tkazish, metro vagonlari sonini oshirish choralari ko‘rilishi, “yashil energetika”ni qo‘llab-quvvatlash, ekologik muammolarning oldini olish va zararli oqibatlarni kamaytirish maqsadida aholining elektromobillarga o‘tishini rag‘batlantirish tizimi joriy qilinishi ta’kidlangan edi.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni loyihasida 2025 yil yakuniga qadar “Yevro – 4” standartidan past ekologik toifadagi motor yoqilg‘isidan foydalanish va sotishni cheklash taklif qilinmoqda.

Loyihada 2025 yil yakuniga qadar “Yevro – 4” standartidan past ekologik toifadagi motor yoqilg‘isidan foydalanish va sotishni cheklash ilgari surilgan. Shu bilan birga, respublikaning yirik shaharlarida, jumladan, Toshkent shahrida avtotransport vositalaridan chiqadigan ifloslantiruvchi moddalar miqdorining keskin oshishi hamda atmosfera havosi ifloslanishining oldini olish maqsadida 2025 yil 1 martdan AI-80 markadagi benzin yoqilg‘isini bojxona rasmiylashtiruvlaridan o‘tkazish va “erkin muomala (import) uchun chiqarish” bojxona rejimiga joylashtirishni qat’iyan taqiqlash taklif qilinmoqda. Qolaversa, 2026 yil 1 yanvardan respublikada tashkiliy tuzilmasidan qat’iy nazar AI-80 markadagi benzin yoqilg‘isini ishlab chiqarishni taqiqlash maqsad qilindi.

Qanday foyda beradi?  

AI-80 markadagi benzin yoqilg‘isidan voz kechish natijasida transport vositalaridan atmosfera havosiga tashlanayotgan ifloslantiruvchi moddalar hajmi keskin kamayib, nafaqat havo sifati sezilarli darajada yaxshilanadi, balki aholi salomatligi mustahkamlanadi, atrof-muhit muhofazasi kuchayadi. Shuningdek, ekologik toza transport texnologiyalarining joriy etilishi iqtisodiyotning innovatsion rivojlanishiga turtki bo‘lib, yangi ish o‘rinlari yaratilishi va xalqaro ekologik standartlarga muvofiq qadam tashlash imkonini beradi. Bu, o‘z navbatida mamlakatning xalqaro maydonda ekologik nufuzini oshiradi.

Muhayyo Toshqorayeva,

O‘zA