Srechko Katanets terma jamoa murabbiyligidan ketdi
145

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanets sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar sababli O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan tuzilgan shartnomani o‘zaro rozilik bilan bekor qilishga qaror qildi.
Sloveniyalik murabbiy o‘z murojaatida hozirgi holatida vazifalarini to‘laqonli, professional tarzda bajara olmasligini afsus bilan qayd etdi. Doimiy qo‘llab-quvvatlagani va samarali hamkorlik uchun assotsiatsiyaga o‘z minnatdorchiligini bildirdi. Terma jamoamizga Jahon chempionati saralash bahslarida omad tiladi, deya xabar bermoqda O‘FA matbuot xizmati.
O‘FA hamda Srechko Katanets o‘rtasidagi shartnoma o‘zaro do‘stona munosabatlarni saqlagan holda bekor qilindi. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi milliy terma jamoamiz bosh murabbiyi lavozimiga munosib nomzod tayinlash borasida ish olib bormoqda.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA