O‘zbekistonda “Jump Rope” sport federatsiyasi ta’sis etildi

Poytaxtimizdagi “Olimpiya va paralimpiya shon-shuhrati” muzeyida O‘zbekiston “Jump Rope” federatsiyasining ta’sis yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Sport vazirligi, Toshkent shahar hokimligi hamda mamlakatimizda ushbu sport o‘yini tashabbuskorlari qatnashgan yig‘ilishda yurtimizda sog‘lom turmush tarzi tamoyillariga e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Xususan, “jump rope” sport turini aholi o‘rtasida yanada ommalashtirish masalalari borasida so‘z yuritildi.
Aytish lozim, “jump rope”, ya’ni arqon bilan sakrash sport turi 2021 yildan beri xalqaro maydonda rivojlanayotgan yangi sport turi hisoblanadi.

Yig‘ilishda arqon bilan sakrash sport turi (“jump rope”)ni aholining barcha qatlamlari o‘rtasida keng ommalashtirish imkoniyatlari mavjudligi bildirilib, bu, bog‘cha, maktab, mahalla hududlarida yoshlar sevib shug‘ullanadigan yo‘nalish ekani aytib o‘tildi.
Yig‘ilishda delegatlarning taklifiga ko‘ra, Toshkent shahar hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Durdona Rahimova O‘zbekiston “Jump Rope” federatsiyasi raisi etib saylandi.
O‘zA