Sotuvchi mahsulotni o‘z vaqtida yetkazib bermasa, penya to‘laydi
Bugungi kunda oldi-sotdi munosabatlarida iste’molchilarning huquqlarini himoya qilishni ta’minlash uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish zaruriyati yuzaga kelmoqda. Chunki raqamli platformalar orqali onlayn savdo munosabatlarining kengayib borayotgani qulaylik yaratish bilan birga ayrim hollarda iste’molchilarning huquqlari buzilishiga ham olib kelmoqda.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga 2024 yil mobaynida kelib tushgan 30 mingdan ortiq murojjatlarning 35 foizdan ortig‘i oldi-sotti munosabatlariga oid. Xususan, raqamli platformalar orqali oldi-sotdi shartnomasiga muvofiq sotuvchi shartlashilgan muddatda mahsulot (avtomobil, buyurtma berilgan oziq-ovqat, maishiy texnika va mebel mahsulotlarini va boshqa) yetkazib berish majburiyatlarini bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganligi haqida 1,5 mingga yaqin murojaat kelib tushgan.
Shartnomalarda sotuvchi tomonidan mahsulotni yetkazib berish muddatlarini buzganlik uchun penya ko‘p hollarda belgilanmagan. Mahsulotni ishlab chiqarish va sotish bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaganlik uchun amaldagi qonunchilikda bo‘shliqlar mavjud. Bu esa iste’molchilar huquqlarini to‘laqonli himoya qilish imkoniyatini cheklaydi.

Parlament quyi palatasining majlisida “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Farrux Qoraboyev loyihaning zarurati haqida ma’lumot berib, unda belgilanayotgan normalar haqida to‘xtaldi:
— Ushbu qonun loyihasi bilan sotuvchi iste’molchiga shartnomada ko‘rsatilgan muddatlarda tovarni topshirmagan taqdirda majburiyatning bajarilmagan qismiga penya to‘lashi nazarda tutilmoqda. Bunda penyaning umumiy summasi yetkazib berilmagan tovar bahosining 100 foizidan oshib ketmasligi, penyani to‘lash shartnoma majburiyatlarini buzgan tarafni tovarlarni yetkazib berish muddatlarini kechiktirib yuborish, to‘liq yetkazib bermaslik oqibatida yetkazilgan zararni qoplashdan ozod etmasligi belgilanmoqda.
Shu bilan birga, sotuvchi tovarlarni iste’molchiga topshirishning kechikishi iste’molchining aybi bilan sodir bo‘lganligini isbotlasa, penya to‘lashdan ozod etilishi ko‘zda tutilmoqda. Qonun loyihasining qabul qilinishi aholining iste’molchi sifatidagi huquqlarini himoya qilish va oldi-sotdi shartnomasiga muvofiq sotuvchi shartlashilgan muddatda yoki muddatlarda tovarlarni iste’molchiga topshirmasligi kabi holatlarning oldini olishga xizmat qiladi, — dedi mas’ul.
Majlisda ko‘tarilgan savollarga tegishli jvoblar qaytarilib, qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA