Standartlashtirish yo‘nalishida kadrlar tayyorlash masalalari muhokama qilindi
Ko‘plab sohalar qatori standartlashtirish tizimini raqamlashtirish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya va innovatsion texnologiyalarni joriy etish bugungi kun talabidir.
Yevropa Ittifoqi moliyalashtiradigan va Xalqaro savdo markazi tomonidan amalga oshiriladigan “O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishiga ko‘maklashish” loyihasi doirasida O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov xalqaro ekspert Gevorg Nazaryan bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda standartlashtirish to‘g‘risidagi qonunchilik, sohadagi munosabatlarni tartibga solish, texnik qo‘mita va quyi texnik qo‘mitalar faoliyati, kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi ma’lumotiga ko‘ra, xalqaro standartlashtirish tashkilotlari bilan hamkorlikni rivojlantirish va milliy standartlashtirish tizimini xalqaro tizim bilan uyg‘unlashtirish kabi dolzarb masalalar ham ayni uchrashuv mavzusiga aylandi.
Shuningdek, milliy iqtisodiyotni rivojlantirishda standartlarning o‘rni, texnik tartibga solishga oid milliy qonunchilikni JST bitim, qoida va me’yorlariga muvofiqlashtirish, JST normalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish, tizimga raqamlashtirishni zamonaviy axborot-kommunikatsiya va innovatsion texnologiyalarni joriy etish masalalariga e’tibor qaratildi.
Ma’lumotga ko‘ra, standartlashtirish tizimi infratuzilmasini takomillashtirish va 2030 yilgacha mo‘ljallangan Strategiya ishlab chiqish ustuvor yo‘nalish sifatida qayd etildi.
A.RUSTAMOV, O‘zA