“Mahalla yettiligi”: kengashlar va Senatning o‘zaro hamkorligi yanada kuchaytiriladi

140

Hududlarni rivojlantirish hamda aholi muammolarini hal etishda mahalliy kengashlar deputatlari va senatorlarning “mahalla yettiligi” bilan o‘zaro hamkorligini yanada kuchaytirish masalalari bo‘yicha mahalliy kengashlar kotibiyatlari mudirlari va xodimlari uchun o‘quv seminari tashkil etildi.

Oliy Majlis Senati tomonidan tashkil etilgan seminarda joylardagi muammolarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish, hududlarni rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar va loyihalarni manzilli o‘rganish va samarali nazoratni amalga oshirish bo‘yicha “mahalla yettiligi” – kengash – Senat” uch bo‘g‘inli hamkorlik tizimi yo‘lga qo‘yilgani ta’kidlandi.

Mahallalar faoliyatini o‘rganish jarayonida fuqarolar qabullari davomida 22 mingdan ziyod muammo aniqlanib, ularning qariyb 18 mingtasini hal etish choralari ko‘rildi. 7 ming 900 ga yaqin loyiha manzilli o‘rganilib, bajarilishi tizimli nazorat qilib borildi.

Ushbu amaliyotni yanada takomillashtirish maqsadida qabul qilingan Senat kengashining 2025 yil 14 yanvardagi 35-sonli qarorida hududlarni rivojlantirishga qaratilgan dasturlar ijrosini samarali nazorat qilish hamda mahallalardagi muammolarni hal etishda mahalliy kengashlar deputatlari va senatorlarning “mahalla yettiligi” bilan o‘zaro hamkorligini amalga oshirish hamda respublika darajasidagi muammoli masalalarni Senatga taqdim etish tizimlari tasdiqlandi.

Seminarda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan dasturlarni xatlovdan o‘tkazish va natijalari asosida ularning ijrosi yuzasidan nazoratni amalga oshirish bo‘yicha reja ishlab chiqish, mahalliy kengash deputatlarining “mahalla yettiligi” bilan hamkorligi, loyihalarni o‘rganish va ijrosi yuzasidan nazoratni yo‘lga qo‘yish, muammoli masalalarni sessiyada muhokama qilish, respublika darajasidagi muammolarni Senatga taqdim etish mexanizmlari haqida tushuntirish berildi.

Seminar yakunida qarorda belgilangan vazifalar ijrosining sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirilishida mahalliy kengashlar faol bo‘lishi kerakligi yana bir bor eslatib o‘tildi. Bu borada zarur tavsiya va takliflar bildirildi.

N.Abduraimova, O‘zA