Qonun tashabbuskoriga qonun loyihasini ikkinchi o‘qishgacha qaytarib olish huquqi berilmoqda

Har tomonlama mukammallashtirilgan qonunlarning qabul qilinishi aholining farovonligini oshirish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash uchun asos bo‘ladi. Bunda fuqarolarning jamoatchilik muhokamalari jarayonidagi ishtiroki va bildirgan fikrlari, takliflarining ham inobatga olinishi muhim ahamiyatga ega.
Endilikda qonun loyihalarini Qonunchilik palatasiga kiritishda uning huquqiy ekspertizadan o‘tkazilgan natijalari, korrupsiyaga qarshi ekspertizasi va u bo‘yicha o‘tkazilgan jamoatchilik muhokamasi natijalarini taqdim etish talabi belgilanmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida qonun loyihalarini Qonunchilik palatasining muhokamasiga kiritish va ko‘rib chiqish tartibini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, yuqoridagilar bilan birga, qonunchilik tashabbusi huquqi sub’ektiga o‘zi kiritgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilinguniga qadar Qonunchilik palatasiga taklif kiritish orqali uni chaqirib olish huquqi berilmoqda.
— Shuningdek, qonunlarga idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar normalarini yuqori yuridik kuchga ega bo‘lgan qonun hujjatlariga o‘tkazishni, ahamiyati va dolzarbligini yo‘qotgan qonunosti hujjatlari bekor qilinishini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimchalar ham kiritilmoqda, — dedi deputat Dildora Kamolova. — Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi qonunchilik tashabbusi huquqi sub’ektlarining qonun ijodkorligi sohasidagi faoliyati sifatini oshirishga, fuqarolar, fuqarolik jamiyati institutlari va tadbirkorlik sub’ektlari vakillarini jamoatchilik muhokamalariga kengroq jalb etishga, qonunlarning ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishdagi rolini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA